Toshkentdagi bozorlarda qurilish ishlari olib boriladi

Birinchi bosqichda poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.
Sputnik
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Toshkent shahrida oziq-ovqat, dehqon va buyum bozorlaridagi sotuvchi va xaridorlarga qulaylik yaratish, bozorlar faoliyatini takomillashtirish, ularning sanitariya-gigiyena hamda yong‘in xavfsizligi talablariga javob beradigan holatga keltirish maqsadida, bozorlarda qurilish va rekonstruksiya ishlari boshlanmoqda. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu ishlarning birinchi bosqichida, poytaxtning barcha bozorlariga mahsulotlarni asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanadi.
Ta’kidlanishicha, bozorga olib kelinayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotganligi hamda bozor hududiga kuniga 600 dan ortiq yuk mashinalari kirib-chiqishi avtomobil yo‘llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda.
“Rekonstruksiya davrida tadbirkorlar o‘z faoliyatini “Food city”, “Tashkent Index” va boshqa savdo majmualarida tashkil etilgan qulay sharoitlarda davom ettirilishi taklif qilinadi”, - deyiladi xabarda.
Bunda, tadbirkorlar mulklarini ko‘chirish bilan bog‘liq bo‘lgan harajatlar (transport, yuklash, tushirish va boshqalar) bepul amalga oshiriladi hamda savdo majmualaridagi do‘konlar uchun ijara to‘lovlaridan 3 oy muddatga ozod qilinadi.
Shuningdek, aholiga qulay sharoit yaratish maqsadida “Qo‘yliq” massividan bozor hududigacha yo‘l kira xaqqi olinmaydigan 10 ta avtobus yo‘nalishga qo‘yilib, jamoat transporti uchun shoh bekat tashkil qilindi va shaharning barcha yo‘nalishlarga chiqish imkoni yaratildi.
Bozorda faoliyat yuritayotgan 144 nafar ishchi-xodimlar “Food city” va “Tashkent Index” savdo majmualarida ish bilan ta’minlanadi.
Shu tariqa, bozorlarni tartibga keltirish, ko‘chirish yoki rekonstruksiya qilish ishlari poytaxt bo‘ylab davom etadi.