O‘zbekistonda poyezd chiptalari narxi qimmatlashadi

Ta’kidlanishicha, chiptalar narxi temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, temir yo‘l vokzallarini davr talablariga muvofiq saqlash maqsadida oshirilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. Joriy yil 20-yanvardan boshlab yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari hamda "Sharq", "Nasaf" va "O‘zbekiston" tez yurar poyezdlarining chiptalari narxi 20 foizga oshirilmoqda. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, chiptalar narxi temir yo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr energiyasi - yoqilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash, shuningdek, yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini davr talablariga muvofiq saqlash maqsadida oshirilmoqda.
"Afrosiyob" yuqori tezlikdagi elektr poyezdlariga chiptalar narxi:
Toshkent — Buxoro:
VIP - 636 000 so‘m;
Biznes - 462 000 so‘m;
Ekonom - 336 000 so‘m;
Toshkent — Qarshi:
VIP - 534 000 so‘m;
Biznes - 390 000 so‘m;
Ekonom - 282 000 so‘m;
Toshkent — Samarqand:
VIP - 396 000 so‘m;
Biznes - 276 000 so‘m;
Ekonom - 204 000 so‘m etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PQ-329-sonli Qaroriga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab yuqori tezlikdagi va tezurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechish, shuningdek, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tish amalga oshirildi.