TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining pedagoglariga malaka toifalari berishning yangi tartibi belgilandi.
2023 yil 29-dekabrda Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 692-son qarori tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.
Bunda:
- malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda pedagogik mahorati baholanadi;
- maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.