“Ish haqi, pensiya, stipendiya oshiriladi”: Mirziyoyev Yangi yil tabrigida nimalar dedi

Prezident yangi hayotni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlar to‘liq safarbar etilishini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat xalqiga Yangi yil tabrigini yo‘lladi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2023-yil el-yurt uchun qut-barakali va omadli keldi. Eng muhimi, mamlakatda tinchlik-osoyishtalik, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik hukm surmoqda.
Yangi yilda iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, tadbirkorlik va xususiy mulk uchun keng imkoniyatlar yaratish yanada kuchaytiriladi. Ilm-fan, innovatsiya, IT kabi sohalarni, “yashil” va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
“Yangi ish o‘rinlari tashkil etish, aholi daromadlarini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori ko‘paytiriladi. Xotin-qizlar va nuroniylarni, yordamga muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida ahamiyat beramiz. Ijtimoiy sohalar rivojini mutlaqo yangi bosqichga ko‘taramiz”, - dedi Mirziyoyev.
Vatan mustaqilligini mustahkamlash, Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatini oshirish ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.
“Muxtasar aytganda, yangi hayotni, Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni to‘liq safarbar etamiz”, - dedi prezident.
Prezident 2024-yil nomini e’lon qildi