Yangi yilda ob-havo qanday bo‘ladi?

O‘zbekiston aholisi Yangi yil bayramini qorsiz kutib oladi.
Sputnik
TOShKENT, 29 dek — Sputnik. Ertaga, 30-dekabr kuni, O‘zbekiston hududi bo‘yicha nisbatan sovuq ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat respublikaning tog‘li hududlarida ba’zi joylarda biroz qor yog‘ishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Harorat kechasi 0-5 daraja sovuqqacha, shimolda 6-9 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi 2-7 daraja iliq atrofida bo‘ladi. 31-dekabr va 1-yanvar kunlari respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda.

Bu yil ham O‘zbekiston aholisi Yangi yil bayramini qorsiz kutib oladi.

Kechalari sovuq saqlanib turadi, kunduz kunlari esa havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va 1-yanvarga kelib 10-13 daraja iliqqa yetadi.
Quruq ob-havo 2-yanvarda ham saqlanib turadi, lekin biroz sovuq havo kirib kelishi hisobiga kunduzgi harorat 6-9 daraja iliqqacha pasayadi. Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi kutilmoqda.
Poytaxtda: 30-31 dekabr va 1-2 yanvar kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin.
Harorat 30-dekabrda kechasi 1-3 daraja sovuq, kunduzi 4-6 daraja iliq, 31-dekabr va 1-2 yanvarda kechalari 3 daraja sovuq, 2 daraja iliq bo‘ladi, 31-dekabr va 1-yanvarda kunduz kunlari 11-13 daraja iliqqacha asta-sekin ko‘tariladi, 2-yanvarda 7-9 daraja iliq bo‘ladi.