TOShKENT, 29 dek — Sputnik. O‘zbekistonda 2024-yil 1-apreldan ayrim yolg‘iz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
“O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori (PQ–410-son, 27.12.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning reyestri yuritiladi.
2024 yil 1-apreldan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temir yo‘l yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi.
2024 yil 1-maydan reyestrga kiritilgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga har oylik uy-joy kommunal xizmatlar haqini to‘lash bo‘yicha kompensatsiya hamda oziq-ovqat mahsulotlari va shaxsiy gigiyena tovarlari uchun har oyda qo‘shimcha pul to‘lovlari o‘rniga yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oyda minimal iste’mol xarajatlari miqdorida moddiy yordam joriy etiladi.
Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning yo‘qotilgan biometrik pasportlari ular reyestrga kiritilgunigacha “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi buyurtmasi asosida davlat boji undirilmagan holda almashtirib beriladi.
2024 yil 1-martdan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil harakatlanish va mo‘ljal olish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining “soatbay” asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.
2024 yil 1-apreldan Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:
ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga ko‘ra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi.