O‘ta salbiy bahoda tushuniladigan “maishat va ishrat” so‘zlari asli qanday ma’noga ega?

Hozirgi zamon kishisi maishat so‘zini salbiy baholi so‘z sifatida biladi. Bizningcha, “aysh-ishrat, kayf-safo” degan ma’no uning birinchi ma’nosidan o‘sib chiqqan.
Sputnik
Hurmatli o‘quvchilar! O‘tgan galgi maqolamizda o‘zbek tilining ikki taraqqiyot davrida so‘zlarning ma’nolarini o‘zgartirganligi haqida fikrlashgan edik. Mazkur mavzu o‘quvchilarni qiziqtirganligi sababli yana bir bor bizga juda yaqin, juda tanish bo‘lgan uch so‘zning ma’no taraqqiyotiga to‘xtalamiz.
Vaqt o‘tishi bilan ma’nosi o‘zgarib, asosan salbiy baho, salbiy munosabat ifodalashda qo‘llanadigan bo‘lib qolgan so‘zlardan biri maishatdir. Mazkur kalom aslan arabcha bo‘lib, manba tilda “kundalik turmush, hayot”, “ta’minot” ma’nolarini bildirgan. O‘zbek tiliga ham ana shu ma’noda ancha avval o‘zlashgan. Jumladan, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur va boshqa mumtoz shoirlarning asarlarida “kundalik turmush”, “tirikchilik”, “yashash” ma’nosida qo‘llangan: Maishat uchun orzu qilsa siym, Ani topqay, ammo esarda nasim (Alisher Navoiy, G‘aroyib us-sig‘ar).
Yuqoridagi baytda “kimki tirikchilik uchun pul topishni istasa, unga erishadi” deyilmoqchi va bu o‘rinda maishat so‘zi “tirikchilik, yashash” ma’nosida kelgan.
Bizni qiziqtirgan holat shugina emas, balki nega ayni so‘zning salbiy baholi, “aysh-ishrat, kayf-safo” ma’noli bo‘lib qolgani hamdir. Kundalik so‘zlashuvda deysizmi yoki gazeta-jurnallarda deysizmi, hozirgi zamon kishisi maishat so‘zini salbiy baholi so‘z sifatida biladi. Bizningcha, “aysh-ishrat, kayf-safo” degan ma’no uning birinchi ma’nosidan o‘sib chiqqan. Ya’ni “kundalik hayot, yashash, tirikchilik” ma’nosidagi “yeb-ichish” semasi bor. Dastlab ana shu sema “ishlamay, mehnat qilmay yeb-ichib yotish holati”ni ifodalagan. “Aysh-ishrat, kayf-safo”da ham “ishlamay yeb-ichish” tushunchasi ustuvor. Qolaversa, hozirgi o‘zbek tilida maishat so‘zining dastlabki (bosh) ma’nosi o‘rnida hayot, tirikchilik, yashashso‘zlarining o‘zi qo‘llana boshlagan. Natijada,hozirgi zamon kishilari nutqida farqlanib qo‘llana boshlagan, maishat so‘zi “aysh-ishrat, kayf-safo”ni ifodalaydigan bo‘lib qolgan: Yo‘q, ishlari besh uning: oylik daromadi ilgaridan qariyb ikki hissa ortgan, qo‘lini qayerga uzatsa yetadi, kun ora maishat... (Ulug‘bek Hamdam, Muvozanat)
Hozirgi o‘zbek tilidagi maishatboz, maishattalab, maishatparast, maishatini qilib yuribdi, maishatga berilgan kabi ifodalarda ham so‘zning keyingi ma’nosi mujassam. To‘g‘ri, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da hozir ham “kundalik tirikchilik, yashash” ma’nosida qo‘llanishi aytiladi, ammo bu holat badiiy uslubdagina bor, til uzusida mavjud emas.
Hozirgi kunda o‘ta salbiy bahoda tushuniladigan so‘zlardan yana biri ishratdir. Asli arabcha bu kalom “xursandchilik, dilxushlik” ma’nosini bildirgan, ana shu ma’noda eski o‘zbek tili davridayoq faol qo‘llanadigan bo‘lgan. Ko‘plab mumtoz shoirlar asarlarida “vaqtni xursandchilik bilan o‘tkazish” ma’nosini ifodalagan. Masalan: Yigitlik ayyomidakim, rindliq va lavandvashliqlar boshidur, bu toifa kunduz va kechalar alarning maskanidin chiqmaslar va barcha asbob alar uchun muhayyo erdi. Va ishrat va inshoot asbobidin boshqa borur chog‘larida har qaysiga o‘z xo‘rdi holig‘a ko‘ra uzrhohliqlar bila yegulikdin yo biror nima xarjidinkim, ul toifa qoshida kulliydur... (Alisher Navoiy, Holoti Sayyid Hasan Ardasher)
Hozirgi o‘zbek tilida esa “kayf-safo, maishat bilan fahsh ishlar qilish” ma’nosida qo‘llanadi, aysh-ishrat, ishratga berilgan, ishrat qilib yuribdi singari ifodalar tarkibida kelishi ham ishrat kalomining ma’nosi o‘zgarganligini tasdiqlaydi: Jamshid kamgap, ko‘zlari ham xotirjam boqardi. Bu chiroyli ko‘zlarda ishrat uchqunlari yonmas edi. Erkak tomon tashabbus ko‘rsatmagandan so‘ng ayol kishiga qiyin ekan. (Tohir Malik, Shaytanat) Ishrat so‘zidan yasalgan ishratparast, ishratxona, ishrattalab, ishratbozlik kabi so‘zlarda ham salbiy jihat bo‘rtib turadi. Xo‘sh, aslan ijobiy baholi ayni so‘zning ma’nosi qanday o‘zgargan, nega o‘ta salbiy baholi bo‘lib qolgan? Bizningcha, ma’no o‘zgarishiga dastlabki ma’nodagi “xursandchilik” semasini faollashtirish lingvistik sabab bo‘lgan. Chunki “aysh-ishrat, kayf-safo” tushunchasining tarkibida ham “xursandchilik” semasi mavjud. Tushunchalar o‘xshashligi asosida ishrat so‘ziga “aysh-ishrat, kayf-safo” ma’nosi yuklangan. Xuddi maishat so‘zida bo‘lgani singari bu so‘zning dastlabki (bosh) ma’nosi o‘rnida hozirgi o‘zbek tilida boshqa so‘zlar ishlatiladigan bo‘lgan va shuning uchun bosh ma’no qo‘llanishdan to‘xtagan. O‘zbek tili egalari har ikki ma’noni bir so‘z (ishrat) bilan ifodalashdan tiyilgan, ularni alohida so‘zlarda farqlab aytishni ma’qul ko‘rgan.
Tilning avvalgi va hozirgi davrida ma’nolarida o‘zgarish bo‘lgan so‘zlardan yana biri tamadir. Asli arabiy bu kalom (tama’) manba tilda “kuchli istak, tilak” va “hirs, ochko‘zlik” ma’nolarini bildiradi. Bu so‘z ancha avval tilimizga arab tilidagi ma’nolari bilan o‘zlashgan, mumtoz badiiy matnlarda shunday ma’nolarni ifodalab kelgan. Qiyoslang: Chun el bir yo‘li navmid bo‘ldilar, atrofdin dushmanlar mulki tama’ig‘a yuz qo‘ydilar. (Alisher Navoiy, Tarixi muluki ajam) – Nega endi Ollohga va bizga kelgan haqqa iymon keltirmas ekanmiz va Robbimiz bizni solih qavmlar qatoriga kiritishni tama’ qilmas ekanmiz (“Moida” surasi 84-oyat).
XX asr boshlarida ham, tilimizning bugunida ham tama so‘zining “tilak, istak, ilinj” ma’nosida qo‘llanishi qariyb to‘xtagan, asosan salbiy baholi, “birovdan bir narsa undirish hissi, o‘ziniki qilish, olishga bo‘lgan intilish” ma’nosi ustuvorlashgan. Tama ham, tama qilmoq ham til uzusida faqat salbiy bahoda barqarorlashgan. Kuzating: Mardni nomard eliga qul qilib, Rangi ro‘yni zard qilgandir tama’ (Hamza Hakimzoda Niyoziy, Tama’); Mansabingdan manfaat, dasturxoningdan tama izlab yondashgan — do‘st emas (R.Usmonov, Umr saboqlari); O‘sha yili xasislik qilgani uchun Jaloliddindan o‘pkaladi: -Men sizdan biron narsani tama qiladigan odam emasman, – dedi u gapni ko‘p cho‘zmay. (Tohir Malik, Devona) Ayniqsa, tamasiz so‘zining yasalganligi tama kalomining ma’nosidagi farqlanishni yaqqol ko‘rsatadi.