TOShKENT, 27 dek — Sputnik. O‘zbekiston, Eron va Turkiya o‘rtasidagi yangi transport koridorida arzon va raqobatbardosh tariflar belgilanadi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" kompaniyasi xabar berdi.
Istanbulda "O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya" multimodal transport koridorida ishtirok etuvchi mamlakatlar temir yo‘l ma’muriyatlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu transport yo‘nalishini rivojlantirish bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, muhokamaning asosiy mavzusi temir yo‘lda raqobatbardosh tariflarni joriy etish va yo‘nalish bo‘yicha transport hajmini oshirish bo‘ldi.
“Tomonlar ushbu yo‘nalish bo‘yicha transport uchun arzon va raqobatbardosh tariflarni belgilash tovarlar va yuklarni tashish hajmini oshirishga yordam beradi degan fikrga kelishdi. Uchrashuv davomida ishtirokchi mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida tegishli bayonnoma imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, mazkur hujjat transport koridorini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Chunki u barcha tomonlarning ushbu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun hamkorlik va birgalikdagi sa’y-harakatlarga roziligini mustahkamlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar transport vazirlarining 12-yig‘ilishi doirasida “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – Turkiya” transport koridorini shakllantirish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolangan edi.
Bu yo‘lak mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport infratuzilmasi va savdo aloqalarini rivojlantirishda muhim element hisoblanadi.