O‘zbekiston ish haqini himoya qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qiladi

Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasi O‘zbekistonda xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni ko‘zda tutadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 dek — Sputnik. O‘zbekiston ish haqini himoya qilish bo‘yicha xalqaro konvensiyani ratifikatsiya qiladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Sputnik O‘zbekiston muxbiriga xabar berdi.
Deputatlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli konvensiyasini (Jeneva, 1949-yil 1-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishdi.
Qayd etilishicha, konvensiya O‘zbekistonda xodimlarning mehnat huquqlarini, shu jumladan, mehnati uchun munosib ish haqi olishga doir huquqlarini ta’minlashga qaratilgan maqsadlarni ko‘zda tutadi.

“Bugungi kunga qadar mazkur konvensiya Xalqaro mehnat tashkilotiga a’zo bo‘lgan 99 ta davlat, shu jumladan, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi mamlakatlaridan Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston respublikalari tomonidan ratifikatsiya qilingan”, — deyiladi quyi palata matbuot xizmati xabarida.

Deputatlar O‘zbekistonning milliy qonunchiligida ish haqini himoya qilish bo‘yicha talablar Konvensiya talablariga mos kelishini qayd etishdi.
Aytilishicha, milliy mehnat qonunchiligining xalqaro mehnat standartlariga javob beruvchi joriy holatini hisobga olgan holda mazkur konvensiyani ratifikatsiya qilish maqsadga muvofiq.

“Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi, kelgusida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishga, Xalqaro mehnat tashkilotining hujjatlarida belgilangan mehnat huquqlarini, shu jumladan, mehnati uchun munosib ish haqini o‘z vaqtida olish huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro standartlarni samarali joriy etishga, shu bilan birga, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlarda O‘zbekistonning ijobiy imijini shakllantirish uchun xizmat qiladi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Ma’lumot uchun, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasida fuqarolarning mehnat sohasidagi huquq va manfaatlarini munosib himoya qilishga qaratilgan yangi normalar kiritilgan.
Shuningdek, yangilangan Mehnat kodeksida ham xodimlarning mehnatiga haq to‘lash sohasidagi kamsitishni taqiqlash, teng qiymatli mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lanishini ta’minlash, mehnatga natura shaklida haq to‘lanishini cheklash belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, ish haqini toifalash tartibi va muddatlariga doir talablarni tartibga solish, xodimning ish haqidan ushlab qolish miqdorini cheklash, xodimning ishlab topilgan mablag‘larni erkin tasarruf etishini cheklashni taqiqlash, xodimlarga ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash kabi asosiy kafolatlar ham belgilangan.