O‘zbekiston biznesi ham Rossiyaga asta-sekin kirib kelmoqda — Zligostev

O‘zbekiston kapitali ishtirokida Boshqirdiston va Tataristonda bir necha yirik loyihalar, undan tashqari boshqa hududlarda ham ko‘plab kichik korxonalar tashkil etilgan.
Sputnik
TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Oldin bunday kompaniyalar deyari yo‘q edi, lekin hozir o‘zbekistonlik tadbirkorlar Rossiya biznesining turli sohalarida paydo bo‘lmoqda, dedi Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Konstantin Zligostev Sputnik matbuot markazida bo‘lib o‘tgan anjumanda.

“Agar O‘zbekiston sarmoyasini jalb qilish haqida gapiradigan bo‘lsak, yashirmayman, ular kam, lekin muhimi, bizda ma’lum bir tendensiya kuzatilmoqda. Agar ilgari sizga jasorat bilan ular prinsipial jihatdan mavjud emas deb javob bergan bo‘lsam, endi buni asta-sekin ko‘rib turibmiz. Gap "langar investorlar" haqida ketmayapti, bu yakka tartibdagi tadbirkorlar, lekin ular bunday loyihalarni amalga oshirmoqdalar”, - dedi Zligostev.

Savdo vakilining so‘zlariga ko‘ra, buning yorqin misoli va tasdig‘i qator hududlar bilan yaqin hamkorlikdir. Tatariston 1992-yildan buyon O‘zbekiston bilan hamkorlikda yetakchi hisoblanadi. Boshqa hamkorlar orasida Boshqirdiston va Chelyabinsk ham bor. Ular an’anaviy ravishda savdo sohasida yetakchi hisoblanadi.

“Boshqirdiston delegatsiyasi bilan uchrashuvda hamkasblar hozirda O‘zbekiston kapitali ishtirokida amalga oshirilayotgan bir qancha loyihalari borligi haqida ma’lumot berishdi. Ulardan eng kattasi Blagoveshensk shahrida – avtotransportlar uchun to‘liq metall gaz ballonlarini ishlab chiqarish loyihasi. Investitsiyalar hajmi bir milliard rublni tashkil etishi va 70 ta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Zavod 2025-yilda ishga tushiriladi va yiliga 50 litrdan 200 litrgacha bo‘lgan 120 ming ballon ishlab chiqaradi. 2024-yil yanvar oyidan boshlab maydon qurilishini boshlash rejalashtirilgan, texnik-iqtisodiy asoslash tasdiqlash bosqichida, smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda”, — dedi Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi savdo vakili.

Bundan tashqari, Boshqirdistonda O‘zbekiston kapitali ishtirokida yana bir loyihani amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Mamlakatdagi qurilish jadalligi hisobga olinadigan bo‘lsa, yog‘ochsozlik majmuasi O‘zbekiston tomonida qiziqish uyg‘otmoqda. Gap nafaqat ta’minot, balki ushbu xomashoni qayta ishlash, respublika hududida qo‘shma mebel korxonalarini tashkil etish haqida ham bormoqda.
O‘zbekistonlik investorlar Tataristonda faner zavodi va u bilan bog‘liq infratuzilmani qurishni rejalashtirmoqda. Umumiy qiymati 235 million rubl bo‘lgan zamonaviy majmuada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 6 ming kub metrgacha faner ishlab chiqariladi.
“Agar chuqurroq o‘rgansangiz, Rossiya Federatsiyasining boshqa hududlarida ham o‘zbekistonlik investorlar ishtirokida ko‘plab tashabbus va loyihalar bo‘lishi mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Zligostev.
Shuningdek, u O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda hozirda o‘zbek biznesini moliyalashtirishni jalb etishi mumkin bo‘lgan loyihalar jamg‘armasini puxta tayyorlash ishlari olib borilayotganini aytdi. “Haqiqatdan ham bunday loyihalar ko‘p”, — deya qo‘shimcha qildi Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili.
Investitsion loyihalarni ishlab chiqish va O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror o‘sishidan o‘zaro manfaatdorlikni inobatga olgan holda, mamlakat muhim sarmoyaviy salohiyatga ega va kapital qo‘yilmalarni, jumladan, Rossiya Federatsiyasining sanoat sektoriga ham ko‘paytirish tendensiyasiga ega.
Zligostevning ta’kidlashicha, so‘nggi bir necha yil ichida respublika yalpi ichki mahsuloti va iqtisodiyotining o‘sish ko‘rsatkichlari 5 foizdan oshdi, aholi soni esa yiliga qariyb 1 million kishiga ko‘paymoqda. Xalqaro tuzilmalarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050-yilga kelib uning hududida 50 million kishi istiqomat qiladi. Eng muhimi, aholining 60 foizdan ortig‘ini yosh va faol aholi tashkil etadi. Demak, O‘zbekistonning faol investor sifatida rivojlanishi, yuksalishi va mavqeyini mustahkamlashga intilish uchun barcha asoslar mavjud.