TOShKENT, 21 dek — Sputnik. Boshqirdiston kompaniyalari O‘zbekistonga sanoat uskunalari, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi xabar berdi.
Boshqirdiston respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar va mintaqaviy kongress faoliyati vazirining birinchi o‘rinbosari Lena Izotova boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi.
Delegatsiya tarkibiga laboratoriya jihozlari, suyultirilgan gaz baklari, madaniy landshaft, geosintetik materiallar, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi 8 ta kompaniya kirdi.
Ishbilarmonlik missiyasi doirasida Rossiyaning O‘zbekistondagi savdo vakili Konstantin Zligostev bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar O‘zbekiston ishtirokida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, hamkorlik yo‘nalishlari, shuningdek, Boshqirdiston tadbirkorlari biznes yuritishda duch keladigan muammoli masalalarni muhokama qilishdi.
Boshqirdiston O‘zbekistonga gaz uskunasi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beradi
© Torgovoe predstavitelstvo Rossiyskoy Federatsii
“Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Savdo vakolatxonasida umumiy qiymati 160 million rubldan (1 million 700 ming dollardan ortiq) ortiq suyultirilgan gaz uchun idishlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari ham delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi. Unda Rossiya hududida stansiyalar sonini kengaytirish hamda loyiha doirasida Ufa shahriga ham “Agroekspress” poyezdlari yetib borishini ta’minlash masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, har ikki davlatning agrar sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy tadqiqot institutlari o‘rtasida xalqaro forum va konferensiyalar o‘tkazish taklif etildi.