TOShKENT, 19 dek — Sputnik. Endi O‘zbekistonda deputatlar aralash saylov tizimi asosida saylanadi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan tegishli qonunda nazarda tutilgan.
O‘zbekiston konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar doirasida aralash saylov tizimini joriy etmoqda. Jumladan, Saylov kodeksiga qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 75 ta hududiy bir mandatli saylov okrugi tuziladi;
Deputatlikka siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekistonning butun hududi yagona saylov okrugi hisoblanadi;
Partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinganidan keyin, ushbu ro‘yxatga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini oladi va ularga guvohnoma beriladi;
Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas;
deputatlikka nomzodlarni tanlash tartibi siyosiy partiyalar tomonidan belgilanadi;
ayollarning soni bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha, shuningdek partiya ro‘yxati asosida siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar sonining kamida 40 foizini tashkil etishi kerak. Bunda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har 5 nafar nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.
Shuningdek, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylanadigan Qonunchilik palatasining deputatlik o‘rinlari ushbu saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko‘proq foizini to‘plagan siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Agar saylovda ishtirok etgan saylovchilar ovozlarining 7 va undan ko‘proq foizini faqat bitta siyosiy partiya to‘plagan bo‘lsa, unda deputatlik o‘rinlari saylovchilarning eng ko‘p ovozini to‘plagan ikkinchi siyosiy partiyaga ham taqsimlanadi.
Markaziy saylov komissiyasi deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida bayonnoma tuzadi.
Partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlar o‘rtasida deputatlik mandatlarini taqsimlash Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga kiritilgan deputatlikka nomzodlar ketma-ketligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Qolaversa, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, Qonunchilik palatasining kamida 5 nafar deputati fraksiya tuzish huquqiga ega (ilgari kamida 9 nafar edi).
Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, saylov komissiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:
Markaziy saylov komissiyasi;
hududiy saylov komissiyalari;
tuman va shahar saylov komissiyalari;
xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari;
uchastka saylov komissiyalari.
Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis palatalari tomonidan 9 nafar a’zodan iborat tarkibda tuziladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi (ilgari 15 nafar edi).
Markaziy saylov komissiyasining 1 nafar a’zosi Qoraqalpog‘iston respublikasi vakili bo‘ladi.
Qonunga ko‘ra shuningdek, Mahalliy Kengashlarga saylov hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida 5-yil muddatga o‘tkaziladi.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:
aholi soni 2 million nafargacha bo‘lgan hududlarda – 30 tadan 40 tagacha;
aholi soni 2 milliondan 3 million nafargacha bo‘lgan hududlarda – 40 tadan 50 tagacha;
aholi soni 3 million nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – 50 tadan 60 tagacha.
Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlaridagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda tegishli mahalliy Kengash tomonidan quyidagicha belgilanadi:
aholi soni 30 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 10 tadan 15 tagacha;
aholi soni 30 mingdan 100 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 15 tadan 20 tagacha;
aholi soni 100 mingdan 300 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda – 20 tadan 25 tagacha;
aholi soni 300 ming nafardan ortiq bo‘lgan hududlarda – 25 tadan 30 tagacha.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda saylov tizimi majoritar-proporsional shaklga o‘tkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish haqidagi farmonni 8-may kuni imzolagan edi.
"Ma'no" ilmiy tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning majoritar saylov tizimidan aralash saylov tizimiga o‘tishi mamlakatda siyosiy partiyalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud.
Aralash saylov tizimi - deputatlik mandatlarining bir qismi hukumatning barqaror shakllanishiga hissa qo‘shadigan majoritar tizim tamoyillari bo‘yicha, ikkinchi qismi esa proporsional tizim tamoyillariga muvofiq taqsimlanadi. Ovozlarni to‘liqroq hisobga olish va mamlakatdagi siyosiy vaziyatning haqiqiy manzarasini aniqroq aks ettiradi.
Shu kungacha O‘zbekistonda saylov jarayonlari majoritar saylov tizimida o‘tkazilgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2019-yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tgan. Unda jami 13 963 627 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizini tashkil qildi.