O‘zbekiston 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqadi
Toshkentda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
SputnikTOShKENT, 19 dek — Sputnik. O‘zbekiston 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasini ishlab chiqadi. Bu haqda mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ma’lum qildi.
"Yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ham o‘z oldimizga katta reja va vazifalarni qo‘yganmiz. Biz BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi va barcha xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ushbu mas’uliyatli, murosasiz kurashda bor kuch va salohiyatimizni safarbar etishga tayyormiz", — dedi prezident.
Birinchidan, 2030-yilgacha korrupsiyaga qarshi kurashish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Davlat organlari faoliyatining ochiqligini va mas’uliyatini oshirishni yanada ta’minlash, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy bazasi va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi mintaqaviy va global tashabbuslarni, yangi loyihalar qo‘llab-quvvatlanadi va ularda faol ishtirok etiladi. Bu yo‘nalishda o‘tgan oyda Toshkent shahrida ishga tushirilgan Korrupsiyaga qarshi konvensiyaning mintaqaviy platformasidan keng foydalanilishi qayd etildi.
“Shu bilan birga, tajriba almashish va muloqotni kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida Korrupsiya masalalari bo‘yicha hududiy tadqiqot markazini tashkil etishni taklif etaman”, —dedi Mirziyoyev.
Uchinchidan, xorijiy ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish orqali Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi salohiyatini yanada oshiriladi. Eng ilg‘or xalqaro tajribaga asoslanib, yangi mexanizmlar, korrupsiya faktlarini “dastlabki o‘rganish” – korrupsiyaga qarshi tergov instituti joriy etiladi.
To‘rtinchidan, bolalikdan “halollik vaksinasini” singdiradigan yangi avlodni shakllantirish ustuvor vazifadir. O‘zbekiston mamlakatda BMTning korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning korrupsiyaga qarshi faolligini oshirish bo‘yicha Global resurs dasturining keng joriy etilishidan manfaatdor.
Beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishdek murakkab jarayonda ayniqsa, yetakchilik qilayotgan ommaviy axborot vositalarining roli yuksak qadrlanadi.
“Jurnalistlar kuchidan samarali foydalanish va korrupsiyaga qarshi kurashda ularning ta’sirini yanada oshirish maqsadida Global Media Forum o‘tkazish haqidagi taklifimizni qo‘llab-quvvatlaysiz, degan umiddaman”, — deya qayd etdi O‘zbekiston yetakchisi.
Korrupsiya — butun insoniyat, barcha jamiyatlar poydevoriga putur yetkazuvchi, iqtisodiyotga zarba beruvchi, qonun ustuvorligini buzuvchi va odamlarning davlat siyosatiga ishonchini keskin kamaytiradigan, demokratik institutlar rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi tahdiddir.
“Bu bizning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish rejalarimizni ham jiddiy ravishda buzadi. Tahlillarga ko‘ra, hozirda dunyoda korrupsiyaning zarari qariyb 3 trillion dollarni tashkil etadi. Biroq, menimcha, bu katta raqam ishlarning haqiqiy holatini va zararning haqiqiy hajmini to‘liq aks ettirmaydi. Eng yomoni, jamiyatga yetkazilgan ma’naviy zarar ko‘lamini o‘lchashning iloji yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston bu dolzarb muammolarning oqibatlarini chuqur anglagan holda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashda tizimli huquqiy va institutsional islohotlarni amalga oshirilmoqda. Korrupsiyaga qarshi qonun qabul qilindi va vakolatlar belgilandi. Faoliyatning ochiqligi, oshkoraligini ta’minlash va hukumat mas’uliyatini oshirishga qaratilgan profilaktik mexanizmlarni keng joriy etilib, unga maxsus vakolat berildi.
Xususan, barcha davlat idoralarida muvofiqlikni nazorat qilish va samaradorlikni baholash tizimlari yo‘lga qo‘yilgan. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi. O‘zbekiston 2021-yilda Xalqaro ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi.
Mamlakat Istanbul Harakat dasturi, Global Operatsion Tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari va boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib, G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarida aktivlarni qayta tiklash tarmog‘i kotibiyati vazifalarini bajarmoqda.
Toshkentda har yili an’anaviy “Korrupsiyaga qarshi kurash” xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi. So‘nggi yillarda mamlakat "Transparency International" indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarilib, mintaqada eng yuqori o‘rinni egalladi.
“Biz 2030-yilga borib ushbu reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga oshirishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz”, — dedi Mirziyoyev.
Bu yil mamlakat "Open Data Inventory" reytingida 3-o‘ringa ko‘tarildi. Ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rinda.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy amaliy tashrif bilan Toshkentga keldi. Bugun O‘zbekiston va Qatar yetakchilarining muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Davlat rahbarlari Qatar amiri tashabbusi bilan ta’sis etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etishadi.