TOShKENT, 18 dek — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati yalpi majlisi sanasi boshqa kunga ko‘chirildi. Bu haqda yuqori palataning matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Senatning 18-dekabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan qirq sakkizinchi yalpi majlisi Senat Kengashining qaroriga muvofiq 20-dekabrga ko‘chirildi.
Senatorlar quyidagi masalalarni ko‘rib chiqishadi:
“2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonun;
“Soliq va budjet siyosatining 2024-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun;
“2023 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun.
“Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun;
“Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun.
“To‘lovga qobiliyatsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun;
“Davlat xizmatlari ko‘rsatish hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun;
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika hududida Internet va aloqa qamrovini kengaytirish uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun.
Bundan tashqari, yalpi majlis kun tartibi doirasida O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ham muhokama etiladi.
Senatorlar Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosini eshitishi ham rejalashtirilgan.
Qolaversa, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan iqlim o‘zgarishining oldini olishda atmosfera havosini muhofaza qilish hamda hududlarni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat yuzasidan vazirlikning axboroti eshitiladi.