Pedagog va tarbiyachilar maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi muhim — Bolalar ombudsmani

Aytilishicha, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zo‘ravonlik holatining javobsiz qolishi bunday noma’qul amaliyotni davom etishiga olib keladi.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi muhim. Bu haqda Bolalar ombudsmani rasmiy Telegram kanalida xabar berildi.
“So‘nggi paytlarda turli ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiyaga mas’ul shaxslarning noloyiq, qo‘pol muomalasi yoki ozor berishi oqibatida bolalarga turli darajadagi jarohat yoki emotsional-psixologik ta’sir ko‘rsatish holatlari uchramoqda”, - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Bolalar ombudsmani bunday holatlarga mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lib, bola manfaatlarini buzilishiga yo‘l qo‘yayotganlarni nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etish, balki ularga qonun doirasidagi tegishli javobgarlik choralari ko‘rilishi zarur, deb hisoblaydi.
Aytilishicha, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zo‘ravonlik holatining javobsiz qolishi bunday noma’qul amaliyotni davom etishiga olib keladi.
Shuningdek, pedagog va tarbiyachilar tegishli vazifa yoki lavozimga tayinlanishidan avval maxsus psixologik ko‘rikdan o‘tkazilishi muhimligi qayd etilgan. Xususan, ularning bola bilan yaqindan muloqot qilishga psixologik va emotsional jihatdan tayyorligi darajasi va mental sog‘lig‘i barqarorligi tizimli ravishda tekshiruvdan o‘tkazilishi maqsadga muvofiqligi aytilgan.