Kuala-Lumpurdan Toshkentga parvozlar yo‘lga qo‘yildi — foto

Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar haftasiga bir marta juma kunlari Boeing 737 va Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Kecha, 15-dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:58 da “Batik Air” aviakompaniyasi borti Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha ilk parvozni amalga oshirib, Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda “Uzbekistan airports” xabar berdi.
Shu munosabat bilan “Toshkent” aeroportida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda “Uzbekistan Airports” kompaniyasi, Malayziyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi vakillari, jurnalistlar, aviaspotterlar hamda parvozning ilk yo‘lovchilari ishtirok etdi.
Kuala-Lumpur – Toshkent – Kuala-Lumpur yo‘nalishi bo‘yicha muntazam parvozlar haftasiga bir marta juma kunlari Boeing 737 va Airbus A330 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelajakda aviatashuvchi reyslar chastotasini oshirish hamda mintaqadagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Batik Air” - Indoneziyaning “Lion Air” loukoster aviakompaniyasining sho‘’ba korxonasi hisoblanadi. Bosh qarorgohi Jakartada joylashgan aviakompaniya muntazam ravishda ichki va xalqaro reyslarni amalga oshiradi.