TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Bugun yoshlar o‘rtasida urf bo‘lgan energetik ichimliklar ilk bor 1960-yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Yevropa va AQShni “zabt etgach”, biznesmenlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimoviy moddalarni qo‘shishgan, deya yozmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
2014 yilga kelib, JSST o‘smirlar o‘rtasida energetik ichimliklar ko‘p iste’mol qilinayotgani yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi.
Hozir dunyoning qator davlatlarida bunday mahsulotlar sotuviga taqiqlar o‘rnatilgan. O‘zbekistonda ham bu borada ma’lum qonuniy cheklovlar amalda. Xo‘sh, shifokorlar nega bu mahsulotdan tiyilishni tavsiya qiladi?
“Energetik ichimliklar meyordan ortiq va surunkali iste’mol qilinsa, bosh miya, markaziy nerv tizimi, bo‘g‘imlar va boshqa a’zolarga jiddiy ziyon yetadi. Tarkibidagi kofein — psixostimulyator modda. U vaqtinchalik tetiklik hissini bag‘ishlab, charchoqni aritishi, aqliy faoliyatni kuchaytirishi mumkin, ammo ma’lum bir vaqtdan so‘ng, masalan, 1 – 1,5 soat o‘tgach, inson organizmida horg‘inlik battar kuchayadi, bosh og‘rig‘i paydo bo‘ladi va nafaqat aqliy, balki jismoniy faoliyat ham susayadi”, - deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimov.
Ta’kidlanishicha, bunday mahsulotlarni tez-tez iste’mol qiluvchilarda keyinchalik bo‘g‘imlarda og‘riqlar paydo bo‘la boshlaydi va ma’lum bir asoratlarga olib keladi. O‘smirlar va bolalar uchun hafta mobaynida kofein iste’molini 60 mg.dan oshirmaslik kerak.
Bitta energetik ichimlik tarkibida esa o‘rtacha 30 mg kofein mavjud. Energetiklar ichish 18 yoshga to‘lmagan bolalar va o‘smirlar, homilador va emizuvchi ayollar, yurak-qon tomir xastaliklariga chalingan hamda qandli diabeti bor bemorlarga tavsiya etilmaydi.
“Energetik ichimliklar meyoridan ortiq iste’mol qilinganda qonda glyukoza miqdori ko‘payib ketadi. Shakarning ortiqcha qismi yog‘ga aylanadi va insulin organizmda ko‘payib, qandli diabetga olib keladi. Eng yomoni, odam bu ichimlikka beixtiyor bog‘lanib qoladi”, - deydi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mas’ul xodimi Sevara Faxrutdinova.
Unga ko‘ra, energetiklarni ko‘p iste’mol qilish inson tanasidagi hujayra va to‘qimalarga jiddiy zarar yetkazib, jigar, yurak qon-tomir kasalliklariga olib keladi.
“Yuqori konsentratsiyalangan quvvatbaxsh ichimliklar tarkibidagi taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv tizimini rivojlantiruvchi modda. Uning inson organizmi uchun sutkalik meyori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq bo‘ladi va o‘smirlar sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, - deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi professori, tibbiyot fanlari doktori Guli Shayxova.
Qayd etilishicha, bunday ichimliklar qisqa muddatda organizmga zararli ta’sir ko‘rsata boshlaydi. Lekin tarkibida ortofosfat kislotasi borligi uchun bu sezilmaydi.
Masalan, 45 daqiqadan so‘ng dofamin ishlab chiqarilishi ortib, bosh miyada rohatlanish, qoniqish markazini qo‘zg‘atadi. 70-80 daqiqadan keyin aks ta’sir qilish vaqti boshlanib, organizmda holsizlik holatlari yuzaga keladi.
Qolaversa, energetik ichimliklar asab tizimini ishdan chiqaradi. Ruhiy kasalliklarga chalinish xavfi ortadi, odamlarda tajovuzkorlik kuchayadi. Bolalarning zehni o‘tmaslashib, darslarni o‘zlashtirishi pasayib ketishi, nogiron, aqli zaif farzandlar tug‘ilishi ayni shunday illatlarning ham asorati, deyilsa xato bo‘lmaydi.