TOShKENT, 15 dek — Sputnik. Bugun, 15-dekabrdan boshlab Yer usti halqa yo‘lining “Turon” (13-bekat) va “Qipchoq” (14-bekat) bekatlarida sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘lining II bosqichi doirasidagi Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesiga qadar qurilayotgan 2 ta yangi metro bekatlarda qurilish ishlari o‘z yakuniga yetkazildi.
Shu munosabat bilan metropoliten qurilish qoidalari va meyorlariga ko‘ra, “Turon” (13-bekat) va “Qipchoq” (14-bekat) bekatlarida sinov tariqasida poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, sinov muddati yakuni va yangi bekatlarning yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatishni boshlash muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar sinov natijalari asosida qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.