TOShKENT, 13 dek — Sputnik. O‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov "Champions Chess Tour 2023" turnirining yarim finaliga chiqdi, deb xabar beradi Chess.com.
Kanadaning Toronto shahrida 9-15 dekabr kunlari sovrin jamg‘armasi 500 ming dollarni tashkil qiluvchi "Champions Chess Tour 2023" super turnirining finali bo‘lib o‘tmoqda.
Unda dunyoning eng kuchli 8 nafar shaxmatchisi ishtirok etmoqda.
Musobaqaning birinchi kunida Abdusattorov norvegiyalik Magnus Karlsenga imkoniyatni boy berdi. Keyin belaruslik Denis Lozovik va amerikalik Hikaru Nakamura va Fabiano Karuanani ortda qoldirdi.
Yarim finalda o‘zbekistonlik shaxmatchi amerikalik raqibi Uesli So bilan uchrashadi, o‘yin 13-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi.