TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi kengashi “Yevrosiyo elektrobusi” Davlatlararo dasturi loyihasini ishlab chiqishni ma’qulladi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat Belarus tashabbusi bilan YeOII mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida tayyorlangan.
"Davlatlararo dasturning asosiy maqsadi Ittifoq elektrobus bozorining YeOIIda ishlab chiqarilgan yuqori darajada mahalliylashtirilgan mahsulotlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdir", – dedi YeIK sanoat va agrosanoat majmui vaziri Artak Kamalyan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maqsadga erishish uchun qator muammolarni hal etish zarur: uskunalarni yangilash va elektrobuslar uchun butlovchi qismlar va agregatlarni ommaviy ishlab chiqarishni tashkil etish, bunday butlovchi qismlarni ishlab chiqarish hajmini oshirish.
Shuningdek, Yevroosiyolik elektrobuslar uchun uskunalar va butlovchi qismlar yetkazib beruvchilarning vakolatlarini kuchaytirish, ular uchun kichik qismlarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish zarur.
Boshqa muhim masalalar qatoriga elektrobuslar ishlab chiqarishda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik vakolatlarini rivojlantirish hamda butlovchi qismlar tannarxidagi import komponentini kamaytirish kiradi.
Quyidagi korxonalar Davlatlararo dastur loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etishlarini tasdiqlashdi: "Ayron strim" MChJ (Armaniston); "UKH "Belkommunmash" OAJ, Belarus Milliy Fanlar akademiyasining Birlashgan Mashinasozlik instituti, "MAZ" OAJ (Belarus), "Kamaz" OAJ, "RENERA" MChJ (Rossiya).