TOShKENT, 12 dek — Sputnik. O‘zbekistonda “gaz zapravkalar” ish vaqtiga o‘zgartirish kiritildi. Bu haqda “Hududgazta’minot” xabar berdi.
Qayd etilishicha, gaz iste’moli ortgani sababli bosim pasayishi kuzatilmoqda. Shuning uchun avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchalari (AGTKSh) ish vaqtiga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, bugundan “gaz zapravkalar” faqat soat 06:00 dan 12:00 gacha ishlaydi. Ushbu choralar vaqtinchalik bo‘lib, havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llaniladi.
"Havo haroratining keskin pasayishi munosabati bilan butun mamlakat bo‘yicha tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molining ortishi kuzatilmoqda. Iste’molchilar o‘rtasida yoqilg‘ini teng taqsimlash maqsadida "Hududgazta’minot" AJ mutaxassislari 24 soatlik rejimda ish olib borishmoqda va yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etishmoqda", — deyilgan xabarda.
Aytilishicha, hozirgi vaqtda tabiiy gaz iste’molchilariga "zangori yoqilg‘i" to‘liq hajmda yetkazib berilmoqda, yetishmovchilik kuzatilgani yo‘q. Olis hududlarga suyultirilgan gaz to‘liq hajmda va mahalliy hokimiyat tomonidan tasdiqlangan grafik asosida yetkazilmoqda.
"11 dekabr kuni gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan aholi va ulgurji iste’molchilarga 105,8 million kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. Bundan tashqari suyultirilgan gaz iste’molchilariga 2543 tonna yoqilg‘i yetkazilgan", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Xabarda "Hududgazta’minot" fuqarolardan gaz jihozlaridan faqat birlamchi zaruriyatlar uchun foydalanishni, uydan chiqib ketayotganda imkon qadar isitish jihozlarini o‘chirishni so‘ragan.