“Barber”dan tortib “shourum”gacha: chet so‘zlar shovuri nega avj olmoqda?

Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yursangiz ko‘plab xorijiy so‘zlarga duch kelasiz. Barber, barbershop va allaqanday inglizcha so‘zlar quloqqa bot-bot chalinib turadi.
Sputnik
Xalqaro axborot almashuvining jadallashuvi tillarning ta’sirlashuv jarayonlarini ham tezlashtirib yubordi. Ingliz tilining dunyo tillariga ta’siri kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda tildan tilga so‘z o‘tish hollari ko‘paydi. Albatta, yangi so‘zni olish bilan tilning so‘z zaxirasi kengayadi, ammo xorijiy so‘zlarning ko‘payib ketishi yaxshi holat emas. Keyingi o‘n yillikda o‘zbek tilida ham xorijiy so‘zga o‘chlik fonida ingliz tilining ta’siri sezila, tiyiqsiz chet so‘zlarning shovuri quloqqa chalina boshladiki, bu bizni o‘z fikrlarimiz bilan o‘rtoqlashishga undadi.
Barber. Bugun Toshkent ko‘chalari bo‘ylab yursangiz, mana shu olinmaga ko‘zingiz tushadi. “Barber” inglizcha bo‘lib, “sartarosh” degan ma’noni bildiradi. Masalan, Shahrisabz ko‘chasida yaqindan beri “Turkish barber” degan peshlavha bitib qoldi. Peshlavhani ilganlar “bu joy turklar uchun” deyishlari mumkin, lekin turkchasi ham bunday emas. Qolaversa, milliy tilga juda jiddiy munosabatda bo‘ladigan qardoshlarimiz yurtida “o‘zbek sartaroshi” kabi peshlavha uchramasa kerak. Nima bo‘lsa bo‘lsin, o‘zbek tilida “barber”dan ancha avval qo‘nim topgan so‘z bor, “barber”ni sartarosh deb yozish kerak. Okeanorti yurti orzusida yurgan yoki shu yurtda bo‘lib qaytganlarning ta’sirida o‘zbek tilidan joy olishga urinayotgan bu chet so‘zga zinhor izn bermaslik lozim.
Barbershop. O‘zini “barber” atashdan toymagan hunarmand bugun ish joyi peshtoqiga “barbershop”dek g‘ayrimilliy peshlavhani osib qo‘yishga jazm etdi. U “sartarosh” va “do‘kon” ma’noli g‘irt inglizcha “barber” hamda “shop”ni qo‘shishdan yasalgan. Sartarosh dov-dastgohini olib, tegishli tashkilotdan ruxsat olishga borgandir, ruxsatnoma so‘ragandir, maishiy xizmat do‘konining nomini aytgandir?! O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish payidan bo‘linayotgan vaqtda nahotki biror mas’ul “Hoy baraka topkur, sen qaysi mamlakatda yashayapsan-u qaysi tilda nom tanlayapsan? O‘zbekistonda yashayotgan bo‘lsang, o‘zbekistonlikka xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsang, marhamat qilib o‘zbek tilida nom qo‘yib qo‘y” demagan bo‘lsa?! Shu tumanning, shu shaharning ma’naviyat va til bo‘yicha maslahatchisi “bundaychikin nimarsalarga” qarab turishi kerak. Axir necha zamondan beri o‘zbek sartaroshga borgan, sartaroshxonaga kirgan. Sartarosh deb, sartaroshxona deb biror joyi kamayib qolmagan (yoki sochi to‘kilib ketmagan). Xullas, bunday “barbershop”lar bizning davlat tilimizda “sartaroshxona” ataladi.
Spiker. Endi-endi ommalashishni boshlayotgan yana bir chet so‘z bo‘lib, ingliz tilida “so‘zlovchi, gapiruvchi” ma’nosini bildiradi. Yaqin bir-ikki yilning badalida televidenie jurnalistlari nutqida “telekanallardagi tok-shoular yoki matbuot anjumanlarida mutaxassis sifatida chaqirilgan so‘zlovchi” ma’nosida qo‘llanmoqda. Bizningcha, bu so‘zning o‘zbek tilida muqobili bor, uni so‘zlovchi, so‘zga chiquvchi so‘zlari bemalol almashtira oladi. “Spiker”ni o‘zbek tiliga olib kirishga urinayotganlar yo modaga ergashib shunday yo‘l tutmoqda, yo o‘zbek tilidagi muqobillari bu chet so‘zning ma’nosini berolmaydi, deb o‘ylaydi. Har ikki sababga ko‘ra ham “spiker”ni o‘zbek tilida qo‘llash o‘zini oqlamaydi, balki tilimizning zarariga ishlaydi. Qanday deysizmi, so‘zlovchi, so‘zga chiquvchi so‘zlarini o‘sha doiraga kiritmaydi.
Shourum. O‘zbek tilida o‘rnashib qolishga tirishayotgan chet so‘zlardan biri bo‘lib, ingliz tilida “sotuvga qo‘yilgan tovarlar ko‘rsatiladigan joy” ma’nosini bildiradi, “show” va “room” so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan. Mahsulotini ko‘p va xo‘b sotib qolishni istagan tadbirkor do‘stlarimiz “shourum” deb ot qo‘yar chog‘ qorako‘z yurtdoshlarining aksar qismi bu xorijiy kalomning ma’nosini bilmasligini ko‘nglining ko‘chasiga ham keltirmagan, shekilli?! Aks holda, odam tushunadigan so‘z topgan bo‘lardi. To‘g‘ri, “ko‘rsatmoq”ni “show” deb tili chiqqan ingliz yoki amerikalik uchun “showroom” atash o‘zini oqlar, ammo o‘zbek uchun o‘zbekcha so‘z beradigandan ortig‘ini bermaydi, berolmaydi. Bu haqiqatginani tushunish uchun ozroq elparvarlik, ozroq tilparvarlik, jillaqursa, tilchiga maslahat solish yetarli. Savdogar-u tadbirkor yurtdoshlarimiz uchun jozibali ko‘ringan bu olinmani almashtiradigan so‘zni o‘zbek tilidan topish, bordi-yu topilmasa, tilimizning ichki imkoniyatidan foydalanib, yangisini yasash mumkin. Qilni qirq yorib tirikchilik qilayotgan savdo ahli chindan xohlasa bo‘ldi. Axir aytishadi-ku: Astoydil yig‘lansa, so‘qir ko‘zdan yosh chiqar. Menga qolsa, namoyishxona degan bo‘lardim.
Kompetensiya. Yo‘l-yo‘lakay yana bir mulohazani bildirib o‘tish lozim. Tilshunoslikda o‘z tilida muqobili bo‘lgani holda biron-bir sohada qo‘llanishga ixtisoslashgan chet so‘zlarni olish mumkinligi va bu til uchun foydali ekanligi aytiladi. O‘n yillar avval ayrim mutaxassislar tomonidan “kompetensiya” so‘zini o‘zbek tilida qo‘llayverish mumkinligi shu vaj bilan izohlangan edi. Vaholanki, layoqat, ko‘nikma, malaka kabi so‘zlar “kompetensiya”ni butun ma’no nozikligi bilan ifodalashga qodir. Yana bir toifa mutaxassislar “kompetensiya” so‘zi xalqaro termin bo‘lganligi uchun o‘zbek tiliga qabul qilinganini, “sposobnost”, “navik” so‘zlari mavjud bo‘lgani holda rus tiliga ham o‘zlashtirilganini aytadilar. Biroq rus tiliga bu atama aynan – ingliz tilidagidek olinmagan, unga ruscha “to‘n kiydirib”, o‘ziniki qilib olingan: ruslar so‘z asosiga “-siya” qo‘shimchasini qo‘shib, o‘z tillarining tabiatiga muvofiqlashtirgan. Biroq o‘z tilda muqobili turib, tegishli sohada qo‘llanishga xoslanganlik vaji bilan chet so‘zlarni olaverish va buni ilmiy ham asoslash zo‘raki topilgandek taassurot qoldiradi. Tilni sof saqlashdek tutum, xohlaymizmi-yo‘qmi, har qanday lingvistik izohlardan muhim va muqaddas.
O‘zbek tilida milliy muqobili bo‘la turib qo‘llanayotgan so‘zlar yana bor, lekin biz shugina bilan cheklanamiz. Xulosa o‘rnida aytadiganimiz esa bitta: bolalarimizda milliy iftixor tuyg‘usini, milliy til sezgisini shakllantiraylik. Buni qanday shakllantirish haqida keyingi maqolalarimizda fikrlashamiz.