TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Qirg‘izistonning O‘sh shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Tadbirda asosiy mehmon sifatida Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili Elchibek Jantayev ishtirok etdi. Anjuman O‘zbekiston Davlat bayrog‘ini ko‘tarish marosimi va ikki davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlandi.
O‘zbekiston elchisi Xurshid Mirzohidov o‘zining qutlov so‘zida tarixiy voqea – O‘sh shahrida O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining ochilishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30-yilligi nishonlanayotgan yilda bo‘lib o‘tayotganini ta’kidladi. Diplomatik missiya rahbari, shuningdek, O‘sh shahrida Bosh konsulxonaning ochilishi O‘zbekiston tomonining Qirg‘iziston bilan strategik munosabatlarni chuqurlashtirish va kengaytirish istagini yana bir bor tasdiqlashini qayd etdi.
Elchibek Jantayev o‘z nutqida barcha yig‘ilganlarni respublikaning eng muhim bayramlaridan biri – Konstitutsiya kuni bilan tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.
“O‘sh shahrida O‘zbekiston Bosh konsulligi tashkil etilgani tomonlarning ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan mushtarak intilishlarining ifodasidir. Qirg‘iziston janubida ushbu konsullik idorasining mavjudligi mamlakatimizning mazkur hududida joylashgan O‘zbekiston fuqarolarining hayotiy muammolarini tezda hal etishga xizmat qiladi. Bosh konsullik nafaqat O‘zbekiston fuqarolari, balki ikki davlat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga intilayotgan har bir kishi uchun yordam markazi bo‘lib ham xizmat qilishiga ishonch bildiramiz”, -dedi Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili.
O‘sh davlat universiteti professori Baybolot Abitov o‘z ma’ruzasida Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari barcha sohalarda rivoj topib borayotganiga e’tibor qaratdi.
“Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘zaro hamkorlik qilmagan biror soha yo‘q. O‘sh shahrida O‘zbekiston Bosh konsulxonasining ochilishi o‘zaro hamkorligimizni kengaytirish va faollashtirish, fan va ta’lim sohalarida o‘zaro almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Bosh konsulxonaning ochilishi O‘zbekiston Asosiy qonuni qabul qilingan kunga to‘g‘ri kelgani ham quvonarlidir. Fursatdan foydalanib, barcha qardosh O‘zbekiston fuqarolarini Konstitutsiya kuni bilan tabriklayman”, - dedi u.