TOShKENT, 9 dek — Sputnik. Qish faslida ko‘pchilik uy sharoitida tayyorlangan konservalangan mahsulotlarni iste’mol qilishni ma’qul ko‘radi. Biroq bunday oziq-ovqatlardan zaharlanish ehtimoli yuqori, deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Shukurov.
“Aksariyat xonadon bekalari yoz va kuz fasllarida meva-sabzavotlardan konservalar tayyorlab, qishga g‘amlab qo‘yadi. Biroq uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligi natijasida botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, ya’ni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi”, - deydi mutaxassis.
Ta’kidlanishicha, botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.
O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini iste’mol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.
Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga ta’sir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.
Bu holatda:
nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi, qorin sohasida og‘riq, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi va gapirish qobiliyati pasayishi;
ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi);
umumiy holsizlik va zaiflik kabi belgilar namoyon bo‘ladi.
Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi. Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.
Qayd etilishicha, shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:
uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;
bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, noma’lum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;
banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni iste’mol qilmaslik;
oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga e’tibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi hujjatlariga e’tibor berish;
taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.