TOShKENT, 8 dek — Sputnik. "Yandex Go" taksi agregatorlari bozordagi xizmatning katta qismini — 86,3 foizini ko‘rsatmoqda va kompaniya xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu haqida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarni himoya qilish qo‘mitasi xabaridan ma’lum bo‘ldi.
"O‘zbekiston Respublikasidagi “Yandex Go” ilovasi orqali ko‘rsatilgan taksi xizmatlarining 2022-yildagi moliyaviy natijalari yuzasidan rasmiy statistik ma’lumotlar Ridetech International B.V. kompaniyasi (Niderlandiyada ro‘yxatdan o‘tgan) tomonidan taqdim etilgan," - deyiladi xabarda.
Xabarda aytilishiga ko‘ra, “Yandex Go” platformasi 2023-yil 1-dekabrdan boshlab O‘zbekiston hududida agregatorlik xizmatlarini respublikada ro‘yxatdan o‘tgan “YandexGo UB” MChJ orqali amalga oshira boshlagan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasi Niderdandning Ridetech International B.V. kompaniyasi hamda O‘zbekistondagi “YandexGo UB” MChJni — yagona (umumiy) iqtisodiy manfaatga ega bo‘lgan shaxslar deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda jami 66 ta korxona taksi-agregatorlik xizmatlari ko‘rsatayotgani va shundan 58 tasi dispetcherlik xizmati orqali (telefon) hamda 8 tasi mobil ilova orqali agregator xizmatini ko‘rsatayotganligi ma’lum bo‘ldi.
Tahlil jarayonida, taksi xizmatlari bozorida “Yandex Go” ulushi 86,3 %ni tashkil qilishi va ushbu kompaniya jami xizmatning asosiy qismini ko‘rsatayotganini sababli xizmat narxi va sifatiga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish xavfi mavjudligi ham aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, joriy yil 4-dekabr kuni Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 13-moddasiga asosan “YandexGo UB” MChJ yo‘lovchilarni tashish (taksi) uchun buyurtmalarni joylashtirish va taksi xizmatlarini ko‘rsatishga imkon beruvchi vositachilik (agregator) xizmatlari bozorida "Ustun mavqega ega xo‘jalik yurituvchi subyekt" deb e’tirof etildi.
Qo‘mita ushbu bozorda barcha ishtirokchilar tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning muvofiqlashtirilgan harakatlar, insofsiz raqobat, ustun mavqeyini suiiste’mol qilish kabi harakatlarni oldini olish va bartaraf etish yuzasidan tizimli ravishda monitoring olib boradi, - deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning mart oyida bloger Xushnudbek, Yandeks taksi kompaniyasi O‘zbekistonda soliq to‘lamasdan ishlayotganiga e’tibor qaratgan edi. Raqbot qo‘mitasi ushbu maslada tekshiruv o‘tkazib kompaniyaga 1-dekabrga qadar O‘zbekistonda qonuniy ishlashni yo‘lga qo‘yishni tavsiya etgan edi. Yandex GO 1-dekabrdan O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuridik shaxs maqomini olib, Soliq platformalarida ro‘yxatdan o‘tgan holda faoliyatini davom ettirmoqda.