TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya qabul qilinganligining 31-yilligi munosabati bilan “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 109-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalari va probatsiya organlarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 334 nafar shaxs afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 34 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etildi, 249 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 6 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Shuningdek, 45 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 18 nafarini chet el fuqarolari, 23 nafarini ayol, 15 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar hamda 88 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.