TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Qozog‘istonning Ostona shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqoti bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 2023-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida Qozog‘istonning raisligi yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mintaqasida gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish va ayollar huquqlarini himoya qilishda parlamentlar va fuqarolik jamiyatining o‘rni hamda mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligi kabi mavzular muhokama qilindi.
Tanzila Narbayeva Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida ishtirok etdi
© Press-slujba Senata Oliy Majlisa
Yig‘ilishda so‘zga chiqqan Tanzila Narbayeva mintaqa davlatlarining so‘nggi 3-yildagi faol hamkorligi va mushtarak faoliyati muloqot muhim maydonga aylanganidan dalolat ekanini aytib o‘tdi.
Tanzila Narbayeva Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollar muloqotida ishtirok etdi
© Press-slujba Senata Oliy Majlisa
“Bizning platformamiz gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yagona tuzilmaga aylandi. Bu ishtirokchi mamlakatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirdi va butun mintaqamiz uchun umumiy bo‘lgan dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish imkonini berdi. Biz bilan birgalikda xotin-qizlarning nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati ham faollashdi. Ularning bugungi tadbir ishida keng ishtirok etishi mintaqada xotin-qizlarni birlashtirishda yuqori darajaga erishilganidan dalolatdir”, – deb qayd etdi Senat raisi.
Yig‘ilishda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va unga barham berish, mintaqada xotin-qizlar uchun qonun ustuvorligini ta’minlash kabi masalalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashildi.
“Muloqotda raislik muddati bir yil bo‘lgani sababli 2024-yilda uni boshqa davlatga o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va raislik Qirg‘iz Respublikasiga o‘tdi”, – deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqa parlamentlari ayol a’zolari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish uchun norasmiy platforma hisoblanadi.
Muloqot BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi va “BMT Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan va faoliyat yuritmoqda. Muloqot rasman 2020-yil dekabr oyida ish boshlagan.
2021 yilda O‘zbekiston, 2022-yilda esa Turkmaniston Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotiga raislik qilgan.