TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Iqlim migrantlari soni 2050-yilda 1,2 milliardga yetishi mumkin. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Dubaydagi “O‘zbekiston” pavilonida “Iqlim migrantlari, iqlim xavflari va moslashuv” mavzusida tadbir o‘tkazildi.
Tadbirdan iqlim o‘zgarishi holatida risklar va migratsiya bo‘yicha tajriba almashish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari va tegishli institutlarning manfaatdor tomonlarini birlashtirish, salbiy ta’sirlarni bartaraf etish, muz ko‘llarining toshqinlari uchun potensial xavflarni va ularni kamaytirish strategiyalari baholandi.
“O‘zbekiston tomonidan iqlim xavflariga moslashuv va ta’sirlarni yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar yuqori baholandi”, —deyiladi xabarda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning qayd etishicha, dunyo aholisining deyarli yarmi iqlim va iqlimiy bo‘lmagan omillar tufayli yilning kamida ma’lum bir qismida aholining zaif qatlamlari jiddiy suv tanqisligini boshdan kechiradi.
“Ko‘p hollarda ular o‘z hududlarini tashlab ketishadi. So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, iqlim migrantlari soni 2050-yilda 1,2 milliardga yetishi mumkin. Atrof-muhit, rivojlanish va xavfsizlik o‘rtasidagi bog‘liqlik Markaziy Osiyo respublikalarining mintaqaviy landshaftiga ta’sir qiluvchi asosiy omil hisoblanadi”, — deydi Abduhakimov.
Aytilishicha, so‘nggi 50-60 yil ichida iqlim sharoitining o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda muzliklar yuzasi 30 foizga qisqardi, bu darolar va ularning ekotizimlariga bevosita ta’sir ko‘rsatdi.
Oxirgi bir necha o‘n yillikda o‘rtacha yillik harorat 1,5 darajaga ko‘tarildi va asr oxiriga kelib 2 darajadan 5,7 darajagacha oshishi taxmin qilinmoqda.