O‘zbekiston va BAA haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olishga kelishdi — kun va tartib

O‘zaro tan olish haqidagi hujjat kelasi yildan kuchga kiradi.
Sputnik
TOShKENT, 3 dek — Sputnik. O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olishga kelishib oldi. Bu haqida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov Abu-Dabi shahrida BAA Bosh vaziri o‘rinbosari — Ichki ishlar vaziri Shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashdi.
“Tashrif doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o‘rtasida haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashish to‘g‘risida”gi Anglashuv memorandumi ikki davlat ichki ishlar vazirlari tomonidan imzolandi”, — deyiladi xabarda.
Mazkur memorandumning kuchga kirishi bilan har ikki davlat fuqarolari o‘zlarining milliy haydovchilik guvohnomalari bilan ikkinchi tomon davlatining hududiga tashrif buyurgan davrda transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lishadi. Uzoq muddatga yashash uchun kelganlar bundan mustasno.
Shuningdek, BAA rezidenti bo‘lgan (uzoq muddat yashash huquqini olganlar) milliy haydovchilik guvohnomasiga ega O‘zbekiston fuqarolari esa Amirliklar haydovchilik guvohnomasini olish vaqtida tegishli nazariy va amaliy sinovlarni topshirishdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
“Hujjat 2024-yilning 27-yanvar kunidan kuchga kirishi belgilangan”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Uchrashuvda shuningdek, tomonlar transmilliy uyushgan jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va kiberjinoyatlarga qarshi birgalikda kurashish, mazkur yo‘nalishlarda xodimlarning malakasini oshirish va o‘zaro tajriba almashishni muhokama qilishdi.