O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududlararo hamkorlikni kengaytiradi

O‘sh viloyati delegatsiyasining Andijon viloyatiga tashrifini tashkil etish va safar doirasida ikki tomon ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekiston Bosh konsulligi diplomatlari Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili Elchibek Djantayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
Qirg‘iz tomonidan uchrashuvda, shuningdek, Qirg‘iziston prezidentining O‘sh viloyatidagi vakolatli vakili o‘rinbosari Zarlik Turgunbayev va Tashqi ishlar vazirligining Janubiy viloyatlardagi vakolatxonasi rahbari Meerimbek Apishev ishtirok etdi.
Elchibek Djantayev so‘nggi yillarda ikki do‘st mamlakat o‘rtasida hamkorlik barcha jabhalarda izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bunda ikki davlat rahbarlarining qat’iy irodalari, tizimli sa’y-harakatlari va ular o‘rtasida shakllangan do‘stona va ishonchli munosabatlar muhim ahamiyat kasb etayotgani alohida urg‘ulandi.
Qirg‘iziston tomoni ikki davlat rahbarlari tashabbuslari bilan chegara muammolari barham topgani, fuqarolarning ikki davlat chegaralarida emin-erkin harakatlari ta’minlangani, qo‘shimcha chegara-o‘tish punktlari ochilgani natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar faol rivojlanib borayotganini e’tirof etdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida imzolangan O‘sh va Andijon viloyatlari o‘rtasida 2023-2025 yillarda hamkorlikni rivojlantirish kompleks dasturi ("Yo‘l xaritasi") vazifalarini amaliy amalga oshirish masalalari muhokama qilindi va istiqboldagi ishlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida O‘sh viloyati delegatsiyasining Andijon viloyatiga tashrifini tashkil etish va safar doirasida ikki tomon ishbilarmon doira vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi.