Mirziyoyev Dubayda ishbilarmonlik tadbirlari doirasida uchrashuvlar o‘tkazdi

Mirziyoyev “Masdar” bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahiyga O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Dubay shahriga tashrifning ishbilarmonlik tadbirlari doirasida 2-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari investitsiya vaziri, “ADQ” xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda “TAQA” kompaniyasi rahbari Jasim Husayn Tabet va “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy ham qatnashdi.
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikdagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish masalalari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida sheriklik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Energetika sektoridagi hamkorlik tobora kengayib bormoqda. Tashrif doirasida bu yo‘nalishda “Masdar” kompaniyasi bilan Strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzolandi. Uchrashuv yakunida davlat rahbari “Masdar” bosh ijrochi direktori Muhammad Jamil al-Ramahiyga ko‘p qirrali O‘zbekiston-BAA munosabatlari rivojiga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.
Shavkat Mirziyoyev tashrifning ishbilarmonlik dasturidagi navbatdagi uchrashuvini “Amea Power” kompaniyasi raisi Husayn Al-Novays bilan o‘tkazdi.
O‘zbekistonda, eng avvalo, “yashil” energetika va turizm infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Kompaniyaning O‘zbekistonda faoliyat yuritish borasidagi rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Mirziyoyev, shuningdek, BAAning “SWS” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ahmad Al-Shamsiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Kompaniyaning O‘zbekiston hududlarida suv ta’minoti va suvni tozalash sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirish, bunda xalqaro sheriklarni, shu jumladan Fransiyaning “SUEZ” va Yaponiyaning “Marubeni” kompaniyalarini jalb qilish borasidagi rejalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi Seyfi Gasemini ham qabul qildi. Kompaniya bilan hamkorlikni, eng avvalo, yuqori texnologik tarmoqlarda yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi. Davlat rahbariga joriy loyihalarning borishi va yangilariga tayyorgarlik holati taqdimot qilindi.