Isroil-Falastin mojarosi

JSST rahbari G‘azo sektoriga yordam yetkazishni qayta tiklashga chaqirdi

JSST rahbari, shuningdek, “zo‘ravonlikni to‘xtatish”, qolgan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektori blokadasini to‘xtatishga chaqirdi.
Sputnik
TOShKENT, 2 dek — Sputnik. G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazilishi Isroil va Falastinning HAMAS harakati o‘rtasidagi sulh davrida amalga oshirilgan darajada qayta tiklanishi kerak, ammo bu ham yetarli emas, deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus X ijtimoiy tarmog‘ida.
Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh juma kuni ertalab o‘z nihoyasiga yetdi va bu kelishuvning uzaytirilishi rasman e’lon qilinmadi. Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) Falastinning HAMAS harakati sulhdagi pauzani buzganligi va Isroil hududiga o‘t ochgani hamda Isroil harbiylari G‘azo sektorida Falastin harakatiga qarshi jangovar harakatlarni qayta boshlaganini ma’lum qildi.
“G‘azo sektoriga zaruriy yuklarni yetkazib berish zudlik bilan tiklanishi va hech bo‘lmaganda sulh davomida erishilgan darajaga qaytishi kerak, ammo yana ko‘p narsa kerak”, - deb yozgan Gebreyesus.
JSST rahbari, shuningdek, “zo‘ravonlikni to‘xtatish”, qolgan garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektori blokadasini to‘xtatishga chaqirdi.
Isroilda, rasmiylarning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan 1,2 ming kishi halok bo‘lgan, bu raqam tinch aholi, askarlar, chet el fuqarolari va ishchilarni o‘z ichiga oladi, shuningdek, 5 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Isroil hujumlari boshlanganidan beri G‘azo sektorida halok bo‘lganlar soni 16 mingdan oshdi, 35 mingdan ortiq kishi jarohat oldi.