TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi muvaffaqiyatsizlikka uchragani va mojaroda tashabbusning Rossiyaga o‘tishi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni hushor qilishi kerak, deydi polshalik general Valdemar Skshipchak.
“Zelenskiy qariyb ikki yildan beri bunkerda o‘tiribdi. U bir yil avval e’lon qilgan maqsadlariga erisha olmadi - G‘arbning ko‘magi tufayli hududlarni ozod qilish. Umuman olganda, bunga hozir hech qanday imkoniyat yo‘q. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishdan boshqa chora qolmaydi, u omon qolish uchun yechim topishi kerak”, - dedi general.
Uning fikricha, Rossiya armiyasi endi hujumga o‘tib, strategik ustunlikni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, bu Ukrainada ichki kelishmovchiliklar kuchayishi fonida sodir bo‘ldi.
“Ukrainaga eng kuchli zarba - bu Ukraina elitasi ichidagi ukrainaliklar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar va G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanilmaslik. Aynan shu ikki sabab Ukrainaning qulashiga olib kelishi mumkin”, - deya xulosa qildi Skshipchak.
Ukrainaning qarshi hujumi 4-iyun kuni boshlandi, biroq Ukraina Qurolli kuchlari hech qanday yo‘nalishda sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ta’kidlaganidek, “qarshi hujum” muvaffaqiyatsiz bo‘ldi. Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, birgina noyabr oyida Ukraina armiyasining yo‘qotishlari deyarli 14 ming kishini tashkil qilgan.
Bu fonda G‘arb ommaviy axborot vositalari AQSh va YeI Ukraina inqirozidan charchay boshlagani, Vladimir Zelenskiyni qo‘llab-quvvatlash zaiflashayotgani haqida tobora ko‘proq yozmoqda.
Kremlning ta’kidlashicha, Kiyev rejimi jang maydonida muvaffaqiyatga erishish imkoni yo‘qligini qanchalik tezroq tushunsa, vaziyatni hal qilishning ayrim istiqbollari shunchalik tezroq ochiladi.