Tillar o‘rtasida so‘z oldi-berdisi til boyishining asosiy omillaridan biridir. O‘zbek tili lug‘at boyligining salmoqli qismi tub turkiy va sof o‘zbekcha so‘zlar bo‘lsa, yana ancha qismi turli davrlarda boshqa tillardan o‘zlashtirilgan.
E.Begmatovning bundan 40-50 yil avval chop etilgan “O‘zbek tilining leksik qatlamlarni” kitobida tilimizdagi o‘z va o‘zlashma qatlam so‘zlarining ma’nolari, qaysi tildan olinganligi, so‘zlardagi ma’noviy o‘zgarishlar juda izchil yoritilgan edi. Shundan beri ham tilimizda yana ancha-muncha o‘zgarishlar ro‘y berdi: yangi so‘zlar kirib keldi, ma’noviy yangilanishlar sodir bo‘ldi.
Shuning uchun ham fan so‘z o‘zlashtirish, o‘zlashtirishdan keyin so‘z semantikasida yuz beradigan o‘zgarishlarni o‘rganishga ehtiyoj sezadi.
XX asrning birinchi yarmidayoq o‘zbek tiliga samovar so‘zi o‘zlashgan. Rus tilida “samo” (o‘z, o‘zi) va “varit” (qaynamoq) so‘zlarining qo‘shilishidan yasalgan bu so‘zning ma’nosi “suv qaynatib beradigan uy-ro‘zg‘or buyumi”dir. O‘zbek tiliga ham shu ma’noda o‘zlashgan va tilimizning muayan bosqichida o‘ziqaynar ham deyilgan. Masalan, quyidagi misolda shu uy-ro‘zg‘or buyumini ifodalash uchun qo‘llangan: Miroqub kursini yaqinroq jildirdi, chiroyli bir chinayoqqa samovardan quyuqqina choy quygach, chinayoq likopchasiga ikkita konfet olib qo‘ydi. (Cho‘lpon, Kecha va kunduz)
O‘zbek tilida ham ma’lum muddat “choy qaynatib ichiladigan buyum” ma’nosida qo‘llangach, ma’no taraqqiyotiga uchragan, ya’ni samovar so‘zida “choyxona” degan ma’no hosil bo‘lgan. Masalan: – Mulla Abdisamatdek amaldor yo‘q! – deb davom etdi Umaraliboy. – Akbarali odammi? Sipomi? Amaldormi? Uning o‘rnida men bo‘lsam, guzardagi samovarlarni taqa-taq berkitdirardim. Hamma benamoz shu yerga yig‘iladi. (Cho‘lpon, Kecha va kunduz)
Ushbu ma’no tilshunoslar sinekdoxa usulida ma’no ko‘chishi deydigan lisoniy hodisani yuzaga keltirgan. Bunday ma’no ko‘chishiga samovarning choyxonadagi asosiy buyum, choyxonaning ajralmas qismi ekanligi sabab bo‘lgan. Bu buyum choyxona bilan shu darajada yaqin tasavvur qilinib ketganidan odamlar choyxonadagi ana shu zaruriy qism bilan choyxonaning o‘zini atab qo‘ya qolgan. Va bunday ko‘chirish to‘la o‘zini oqlaganini bugun ham samovar so‘zi "choyxona" ma’nosida qo‘llanayotgani deb bilish mumkin. Demak, samovar so‘zi o‘zbek tiliga o‘zlashgandan keyin ma’no tarkibini kengaytirgan va ikkinchi hayotini boshlagan.
O‘zbek tiliga qabul qilinganiga juda ko‘p bo‘lgan so‘zlardan yana biri karavot bo‘lib, u tilimizda ma’no qamrovini kengaytirib, xalq nutqiga chuqur singib ketgan. Rus tilida “krovat” deb yoziladigan bu so‘z faqat “to‘rt oyoqli, ustiga ko‘rpa-to‘shak solib yotiladigan uy-ro‘zg‘or anjomi” ma’nosini anglatgan. O‘zbek xalqi ham uni avval shu ma’noda qabul qilgan. Shu ma’noda ma’lum muddat ishlatilgan. Masalan: Polina kirdi. Qo‘ltig‘idagi choyshab va adollarni burchakdagi bo‘sh karavot chetiga qo‘yib, birin-ketin yozdi. (Shukur Xolmirzayev, Bodom qishda gulladi)
Nutqda muntazam qo‘llanishi natijasida bu so‘z ham ma’no taraqqiyotiga uchragan. Natijada, “ustiga ko‘pchilik bo‘lib o‘tirish, yotish uchun maxsus yasalgan, yoz kunlari choyxona, hovli va boshqa joylarga qo‘yiladigan qurilma, so‘ri” ma’nosiga ega bo‘lgan. Masalan: Qishloq. Oddiy, kamtarona hovli. To‘g‘rida bir necha ustunli peshayvon, o‘ngda pastakkina ko‘cha eshigi, oldinroqda yog‘och karavot. (Sharof Boshbekov, Temir xotin) Karavot so‘zining bu ma’nosi tilshunoslar vazifadoshlik deb hisoblaydigan ma’no ko‘chish usuli bilan yuzaga kelgan. Ya’ni karavot so‘zi “so‘ri” ma’nosida ham o‘tirish, yotish uchun mo‘ljallangan buyum vazifasini bajaradigan buyumni bildiradigan bo‘lgan.
O‘zbek tiliga rus tilidan so‘z olishda o‘zbekcha talaffuzga moslab, o‘zbekning tili aylanadigan shaklda o‘zlashtirilgan yana bir qancha so‘zlar bor. Masalan, kartofel– kartoshka, pomidor– pamildori, klubnika– qulupnay, kosaki– kesaki, shavel– shovul, selkoviy– so‘lkavoy, chervones (10 rubl) – chervon, volost– bo‘lis, konforka– kampirak, kaloshi– kalish kabilar o‘zbekcha talaffuzni hisobga olib o‘zlashtirilganligi sababli ularning ruscha ekanligi sezilmaydigan bo‘lib ketgan. Bugun biror o‘zbekka qulupnay, kesaki, kampirak, kalish so‘zlarining asli rus tilidan kelib chiqqanligini aytsangiz, o‘laqolsa ishonmaydi.
O‘zbek tilida faol ishlatilayotgan pudrat so‘zi ham rus tilidan o‘zlashtirilganini tilshunos bo‘lmagan odam bilmasa kerak, chunki o‘zbek tilining tovush tabiatiga moslab adabiy tilga qabul qilingan. U rus tilida “podrad” shaklida “biror ishni, masalan, uy qurishni baylab (pulini kelishib) olib bajarish” ma’nosida qo‘llanadi.
O‘zbek tiliga ham ana shu ma’nosida, ammo o‘zbekcha talaffuzga muvofiqlashtirib o‘zlashtirilgan. Xuddi shu jihati so‘zni o‘zbek tiliga chuqur singib ketishini ta’minlagan. Keyinchalik “podradchik” shaklidagi so‘z pudratchi deb kalkalab olindi. Har ikki holatda ham o‘zbek tili yutgan, chet so‘zni o‘ziniki qilib olgan.
Xorijiy so‘zlarni olayotganda milliy talaffuzimizga moslashtirishdek tutum - xalqimiz qadimdan o‘rgangan odat edi. Xususan, arab tilidagi “muslimun” so‘zini musulmon, “kitabun” so‘zini kitob shaklida qabul qilganligimiz uchun ularning arabchaligi sezilmay ketgan. Lekin, afsuski, hozirgi kunda chet tillarda qanday yozilgan bo‘lsa, shundayligicha so‘z olish amaliyoti faollashgan. Milliy tilning talaffuz imkoniyatlari hisobga olingani yo‘q. Qarab tursak, chet so‘zlar oqimi to‘xtaydiganga o‘xshamaydi.
Endi ularni qaysi so‘z bilan almashtirish lozimligi haqida qayg‘urmoqdamiz. Keyingi yigirma yilning badalida birda chet so‘zga o‘chlik, birda modaga ergashib ancha-muncha xorijiy so‘zlar o‘zbek tiliga kirib keldi. O‘zbek tili egalarida bunday so‘zlarni almashtirish yoki milliy talaffuz tarzimizga moslab olishga undaydigan immunitet yo‘qoldi. Bunday achinarli holatning sabablarini tildan izlash bilan vaziyat o‘zgarmaydi, balki o‘zbek tili egalari nega shunday yo‘l tutmoqda, nega chet so‘zga o‘chlik kayfiyati paydo bo‘ldi, nega tilimizning ichki immuniteti ishdan chiqdi, mana shularning sababini aniqlash va ta’sir choralarini ko‘rish zarur.
Hozirgi kunda chet so‘zni aynan olayotgan yoki qo‘llayotganlarda o‘sha xorijiy so‘z ma’nosini “o‘z qatlam so‘zi ifodalab bera olmaydi” degan tushuncha shakllanib bo‘lgan. Shunday o‘yni ketkazish tadbirini qilish kerak. Ikkinchidan, chet so‘zga o‘chlik, modaga ergashishdek kayfiyat bilan ish ko‘rayotgan kishilarga xorij so‘zlarining ko‘payib ketishi tilmizning milliy tarovatini xiralashtirishini tushuntirish lozim.
Uchinchidan, chet so‘zni aynan olishning barqarorlashuvi ona tilining ichki imkoniyatlaridan foydalanish mexanizmlarini ishdan chiqaradi, til egalarida ona tilidan muqobilini topish layoqati yo‘qoladi. Aksincha yo‘l tutilganda esa tilning ichki imkoniyatlari kengayadi.
Chet so‘zga milliy tildan muqobil topib ulgurilmaganda, o‘sha so‘zni milliy talaffuz tarziga moslashtirib yozish chorasini ko‘rish kerak. O‘zbek tilida talaffuzi va yozilishi jiddiy farqlanadigan o‘zlashma so‘zlarning ko‘pligiga o‘zbekona talaffuzga muvofiqlashtirmay olganimiz sabab bo‘lgan.
O‘zbek tiliga yangi tushunchalar bilan kirib kelishi kutilayotgan chet so‘zlarni xorijiy so‘z tilga singib ketmasidan avval o‘zbekcha muqobillari bilan dadil almashtiraverish lozim. Milliy muqobillarni tatbiq qilishda ommaviy axborot vositalaridan unumli foydalanish yaxshi natija beradi. Mavzu, ma’ruza, muharrir, tahririyat, reja singari so‘zlar o‘rnida uzoq yillar boshqa til so‘zlari ishlatilib kelgan bo‘lsa-da, OAV milliy muqobillarni tilimizga singdirishga hissa qo‘shdi.
Aytib o‘tilgan muammolarga barham berish til egalarida til ma’naviyatini shakllantirish, lisoniy immunitetni hosil qilish bilan bo‘ladi.