TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekistondagi tashkilot va idoralarning "Ishonch telefonlari" faoliyati “Sirli mijoz” tadbiri asosida o‘rganiladi. Bu haqida prezident tomonidan imzolangan tegishli nizomda nazarda tutilgan.
Hujjat bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlaridagi ishonch telefonlarining doimiy ravishda ishlab turishini tekshirish uchun “Sirli mijoz” tadbiri asosida o‘rganish vazifasi yuklatilmoqda.
Bunda ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda davlat tashkilotlarining o‘z rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, ma’lumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini tekshirish ishlari olib boriladi.
Agentlikning mas’ul xodimlari tomonidan aloqa vositalaridan (telefon qo‘ng‘iroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda o‘tkaziladi.
“Natijalar bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga o‘zining ochiqlikni ta’minlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma yuboriladi”, — deyilgan hujjat matnida.
Bunda quyidagilar taqiqlanadi:
“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda huquqbuzarliklar sodir etishga og‘dirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sun’iy ravishda keltirib chiqarish;
“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini o‘tkazishda Agentlik mas’ul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;
o‘rganish obyektiga tashrif buyurish.
Tadbir natijalari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno.