Migrantlar moskvaliklarga qaraganda sofdilroq ekani ma’lum bo‘ldi

Moskvada o‘tkazilgan so‘rov Markaziy osiyolik mehnat migrantlari va mahalliy aholi orasida qadriyatlar ustuvorligini ko‘rsatdi.
Sputnik
Rossiyada xorijlik mehnat migrantlariga nisbatan eng tanqidiy munosabat — moskvaliklar orasida bo‘lsa kerak. Bu hammaga ma’lum haqiqat, sababi, birinchi navbatda, poytaxtda sobiq Ittifoq respublikalaridan, Markaziy Osiyodan kelgan mehnat migrantlari (jumladan, noqonuniy) soni eng ko‘pligi bilan izohlanadi.
Moskvada alohida yangi so‘rovlar o‘tkazilgani yo‘q, lekin ular Rossiyadan unchalik farq qilmaydi va aholining o‘rtacha 70% migratsiya qonunchiligini kuchaytirish tarafdori ekanligi ma’lum. Shuningdek 60% dan ortig‘i Markaziy Osiyo davlatlaridan ko‘p miqdorda muhojirlar oqimiga salbiy munosabatda, yarmidan ko‘pi esa ularga Rossiya fuqaroligini berishga qarshi.
Shuning uchun ko‘pchilik Rossiya Fanlar akademiyasining Demografik tadqiqotlar instituti tomonidan yaqinda e’lon qilingan so‘rov natijalaridan hayratda qoldi. "Bu migrantlarni moskvaliklardan yaxshiroq ekanligini ko‘rsatish va ularni yanada ko‘proq olib kirish uchun lobbichilar tomonidan buyurtma qilingan so‘rov!" — deb norozi bo‘lganlar ham bo‘ldi.
Albatta, demograflar moskvaliklar, Moskva viloyati aholisi va Markaziy Osiyoning to‘rt respublikasidan kelgan 18-45 yoshdagi migrantlar orasidan atigi ming kishini o‘rganishdi. Ha, agar xohish bo‘lsa, so‘rov natijalarini shubha ostiga qo‘yish mumkin. Ammo qildan qiyiq axtarmasdan, raqamlarga obyektiv qarasa, uning natijalari ko‘pchillik uchun foydali bo‘lishi mumkin — birinchi navbatda moskvaliklarning o‘ziga, va shuningdek, butun Rossiyaga ham.
Demograflarni respondentlarning qadriyatlar ustuvorligi qiziqtirdi — va so‘rov natijalari bu borada moskvaliklar va markaziy osiyoliklar o‘rtasida sezilarli farq borligini ko‘rsatdi.
Bu farq, albatta, barcha sohalarda emas, umumiy qadriyatlar ham bor. Masalan, "tinchlikda yashash, o‘zini xavfsiz his qilish va zo‘ravonlikni xavfini his qilmaslik" uchun — moskvaliklarning 29 foizi va muhojirlarning 30 foizi ovoz bergan. Shuningdek, "O‘ziga to‘q, badavlat inson bo‘lish" istagi — poytaxt aholisining 26,5 foizi va migrantlarning 25,6 foiziga xos. "O‘z qobiliyatlarnini namoyish etish imkonini beruvchi qiziqarli ishga ega bo‘lish"ni esa — moskvaliklarning 42 foizi va migrantlarning 31 foizi istaydi. Bu yerda biroz farq bor, ammo buni tushunsa bo‘ladi.
Ammo qadriyatlarning butun ko‘lamini taqqoslaganda, jiddiy farqlar aniqlanadi. Moskvaliklar uchun "qiziqarli ish" birinchi o‘rinda turadi (42%), migrantlar uchun esa birinchi o‘rinda — mustahkam oila va yaxshi bolalarga ega bo‘lish — ularning deyarli 57% shunday fikrda. Moskvaliklar orasida esa — atigi 25%. Bu juda katta farq! Ko‘p farzandli oilani migrantlarning 42 foizi istaydi, moskvaliklar oarsida esa bu ko‘rsatgich 17 foiz. Bu shunchaki orzu emas, 18-25 yoshli migrantlar orasida 14% allaqachon o‘z farzandiga ega. Moskvaliklar orasida esa bundaylar 8%dan kam.
Farqlar faqat oilaviy qadriyatlar bilan cheklanmaydi. "Jamiyat orasida hurmatga ega bo‘lish" — migrantlarning 35% qadriyat deb hisoblaydi. Poytaxt aholisining esa faqat 9 foizi. “Haqiqat, vijdon, adolat bilan yashash” muhim deydiganlar migrantlar orasida 27 foiz va poytaxti aholisi orasida atigi 15 foizni tashkil qildi. "Xudoga intilish va diniy qadriyatlarga rioya qilish" — migrantlar orasida 20 foiz va moskvaliklarning 4 foizi tomonidan qadrlanadi.
Biz bu yerda Markaziy Osiyo musulmonlari turmush tarzi bilan Rossiya poytaxti aholisi turmush tarzi o‘rtasida farq borligini ko‘rapmiz. Axir, qadriyatlar an’analar bilan belgilanadi: xuddi shu so‘rovga ko‘ra, milliy va etnik an’analar migrantlarning 80 foizi va moskvaliklarning 64 foizi uchun muhim hisoblanadi. Diniy qadriyatlar esa mos ravishda 74 va 43 foiz uchun muhimdir.

Demak, O‘rta osiyolik musulmonlar, moskvaliklarga qaraganda yaxshiroq, sofdilroq va ko‘proq farzandliroq, – ya’ni kelajak ularnikimi? Ehtimol shu sababli moskvaliklar migratsiyani cheklashni xohlaydi. Ular individualistlarga aylangan va migrantlarda o‘z kelajagiga tahdidni his qilmoqda?

Bu yerda biz ikkita turli xil muammoni bir-biridan ajratishimiz kerak — mahalliy aholini yangi kelganlar tomonidan siqib chiqarish va qadriyatlar farqi. O‘zga madaniyatli xorijiylarning (xoh mehnat migrantlari xoh qochqinlar bo‘lsin) yoppasiga kelib mahalliy aholini siqib chiqarishini dunyodagi hech bir xalq - Yaponiyadan Marokashgacha qabul qila olmaydi. Hatto turli muhojirlardan tashkil topgan sun’iy millatlar (AQSh, Braziliya va boshqalar) ham ko‘p sonli yangi muhojirlar oqimi kelishidan mamnun emas. Ruslar kabi yirik va mustaqil xalq haqida gapirmasa ham bo‘ladi.
Moskvaliklarning muhojirlardan noroziligi hatto madaniyat va tillardagi tafovutda emas, shunchaki hech kim boshqa birov uchun o‘z turmush tarzini o‘zgartirishga rozi bo‘lmaydi. (ommaviy migratsiya bo‘lsa, hayot tarzi asta-sekin o‘zgarishi muqarrar).
Markaziy osiyolik musulmonlar ruslardan yomon yoki yaxshiroq emas — ular shunchaki boshqacha. Ularning o‘z vatanlari bor, aytmoqchi, ruslar bir vaqtlar ularga umumiy davlat doirasida rivojlanishiga yordam bergan, keyin esa o‘z uylarini ommaviy ravishda tark etishga majbur bo‘lishgan.
Ya’ni, ruslar, shu jumladan, moskvaliklar ham o‘z yerlarida o‘zlarining turmush tarzini, madaniyatini, tilini saqlab qolishni xohlashadi. Va shuning uchun ular migratsiya oqimini kerakli va to‘g‘ri deb hisoblagan tarzda cheklash huquqiga ega. Bu yerda hech qanday e’tiroz bo‘lishi mumkin emas, lekin keyin ikkinchi mavzu boshlanadi.
Markaziy Osiyolik musulmonlar Rossiyaga ishlash uchun kelishiga sabab bor — Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda iqtisodiy muammolar bor, ish yetishmaydi. Lekin u yerda an’anaviy jamiyat yaxshi saqlanib qolgan. Shu sababli ham ularda adolatga intilish, jamiyatda o‘z obro‘siga ega bo‘lish va ko‘p farzandlilikka intilish bor. Lekin bizning rus xalqimizga aynan shunday qadriyatlarni mustahkamlash kerak. Bu bizning kuchimiz va o‘zimizga bo‘lgan ishonchimizni tiklashga yordam beradi. Shunday ekan, biz birdamlik va bolalarga mehr berishni Markaziy osiyoliklardan o‘rganishimiz kerakdir?
Yo‘q, bu shunchaki imkonsiz — chunki biz o‘z tajribamiz va tamoyillarimiz asosida o‘rganishimiz kerak. Qirg‘izlar, o‘zbeklar va tojiklarning islomiy turmush tarzi ruslarnikidan yomon yoki yaxshiroq emas, lekin u boshqacha. U Markaziy Osiyo xalqlari hayotidagi ming yillik tajribaga asoslangan. Ruslar o‘z sivilizatsiyasini yaratgan. U pravoslav dini, Rossiya imperiyasi va Sovet davriga tajribalariga asoslangan. O‘z vaqtida O‘rta Osiyo xalqlari o‘zligini saqlab qolgan holda uning bir qismi bo‘lgan.
Ruslar uchun ideal vaziyat bu — Markaziy Osiyo xalqlari, Rossiyaning geosiyosiy va qisman sivilizatsion orbitasida qolgan holda, o‘z mamlakatlarini o‘sishi va rivojlanishini ta’minlashi bo‘lardi. Rossiya o‘z kuchi bilan o‘sish va rivojlanishini ta’minlay oladi. O‘z qadriyatlarini ("an’anaviy" emas, balki yagona mumkin bo‘lgan) tiklaydi va o‘z xalqini ko‘paytiradi. O‘shanda bizning qadriyatlarimiz bir-biriga yaqin ekani, ammo turli tillarda va turli madaniyatlar doirasida ifodalanganligi ma’lum bo‘ladi.
Xo‘sh, moskvaliklar birasida esa bir narsani tushunish kerak — demograflar tomonidan so‘ralgan moskvaliklar orasida, uchdan bir qismi ikkinchi avlod moskvaliklar bo‘lsa ham katta gap. Mutlaq ko‘pchilik esa — "poytaxtni zabt etish uchun" kelgan boshqa joyliklardir (shu jumladan, umuman rus bo‘lmaganlar ham). Ya’ni, ular boshidanoq "yaxshi hayot" uchun o‘z shahrini, oilaviy turmush tarzini tark etgan odamlar. Men ularni ayblamoqchi emasman, lekin bundaylardan an’anaviy qadriyatlarni kutish g‘alati bo‘lardi.
Ammo Moskva (uning aholisi) haqiqatan ham bu Rossiya emas. Rossiyada qadriyatlar ustuvorligi butunlay boshqacha va u poytaxtda vaqtincha yashayotgan Markaziy osiyolik mehnat migrantlari qadriyatlariga yaqinroq.