TOShKENT, 27 noya — Sputnik. O‘zbekistonda 2023-yil 1-dekabrdan kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimini joriy etish boshlanadi. Bu haqida Sputnik O‘zbekiston muxbiriga respublika Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Bu prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.
Tizim uch bosqichda joriy etiladi. Bu seysmologik va seysmik prognozlash monitoringi va seysmik xavfdan himoya qilish bo‘yicha idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashning tegishli hujjatida belgilangan, deb tushuntirdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
1-bosqich: 2023-yil 1-dekabrdan — Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish usuliga asoslangan Milliy tizimni test rejimida ishga tushirish.
2-bosqich: 2024-yilda — 40 ta akselerometr o‘rnatish va seysmik stansiyalar sonini 100 taga yetkazish. Shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan o‘zaro anglashuv memorandumlari asosida seysmik stansiyalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashinuv yo‘lga qo‘yiladi va Markaziy Osiyo uchun kuchli zilzilalarni qayd etish tarmog‘i yaratiladi.
3-bosqich: 2024-2025 yillarda — yangi akselerometrlarni xarid qilish, seysmik monitoring tarmoq stansiyalari sonini 200 taga yetkazish, shuningdek, kuchli zilzilalarni qayd etish tarmog‘ini Xalqaro monitoring tarmog‘iga integratsiyalash va xorijiy dasturlardan foydalangan holda erta ogohlantirish tizimini ishga tushirish.
Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar birinchi bosqichdagi ishlar yakunlanib, tizim test rejimida ishga tushirilgan.
Respublika seysmik monitoring tarmog‘ining 9 ta stansiyasida O‘zbekiston respublikasi Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan texnika asosida yaratilgan kuchli zilzilalarni qayd etuvchi akselerometrlar o‘rnatildi.
Kelgusida ular “Kuchli zilzilalar haqida ogohlantirishlar” mobil ilovasini ham ishga tushirishni rejalashtirmoqda, bu orqali 5 balldan yuqori zilzilalar aniqlangandan keyin foydalanuvchilarga bir necha soniya ichida xabarlar yuboriladi.