Diplomatik g‘alaba: YuNESKO Bosh Assambleyasi ilk bor Samarqandda bo‘lib o‘tadi

Parijda bo‘lib o‘tayotgan YuNESKO Bosh Assambleyasida navbatdagi 43-sessiyani 2025-yilda Samarqandda o‘tkazish rasman ma’qullandi.
Sputnik
TOShKENT, 23 noya — Sputnik. YuNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasi 2025-yilda Samarqandda o‘tkaziladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Parijda bo‘lib o‘tayotgan YuNESKO Bosh Assambleyasida navbatdagi 43-sessiyani 2025-yilda Samarqandda o‘tkazish rasman ma’qullandi. Qayd etilishicha, qirq yildan ortiq vaqt davomida ilk bor YuNESKO Bosh assambleyasining sessiyasi Parij shahridan tashqarida bo‘lib o‘tadi.

“Fransiya poytaxtida o‘tayotgan YuNESKO Bosh assambleyasining 42-sessiyasida O‘zbekistonning navbatdagi, 43-sessiyani 2025-yilda Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi qo‘llab-quvvatlandi va tegishli qaror qabul qilindi”, - deb yozadi Asadov o‘zining Telegram-kanalida.

"Bu diplomatik muvaffaqiyat", - deya izohladi qabul qilingan qarorni 42-sessiya raisi Simona-Mirela Mikulesku.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etishini ma’lum qildi.

"Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman. O‘z navbatida, O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani eng yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etadi", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, 7-noyabr kuni YuNESKOning Parijdagi shtab-kvartirasida YuNESKO Bosh konferensiyasining 42-sessiyasi ochildi va u o‘z ishini 22-noyabrda yakunladi. Ushbu ikki haftalik davr mobaynida 194 a’zo davlat umumbashariy ta’limga erishish yo‘llari, yangi texnologiyalarning axloqiy muammolari, Jahon merosi ob’ektlarini to‘g‘ri boshqarish va saqlash, shuningdek, iqlim buzilishiga qarshi kurashish va tabiat bilan munosabatlarimizni tiklash vositalarini muhokama qildi.
Ma’lumot uchun, YuNESKO bosh konferensiyasi Tashkilotning siyosati va asosiy ish yo‘nalishlarini belgilaydi. Uning vazifasi - YuNESKOning dasturlari va budjetini belgilashdan iborat. Shuningdek, u Ijroiya kengashi a’zolarini saylaydi va har to‘rt yilda bir marta Bosh direktorni tayinlaydi.
Bosh konferensiyaning ishchi tillari arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan tillaridir. Bosh konferensiya YuNESKOga a’zo davlatlar vakillaridan iborat. U har ikki yilda bir marta yig‘iladi va unda a’zo bo‘lmagan davlatlar, hukumatlararo tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) kuzatuvchilari bilan birgalikda a’zo davlatlar va Assotsiativ a’zolar ishtirok etadi.
Har bir davlat, uning hajmi yoki budjetga qo‘shgan hissasi miqdoridan qat’i nazar, bitta ovozga ega.