TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Energetika tizimi 1-dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi. Bu haqida prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan yaqindan tanishdi.
Yil boshida kelgan anomal sovuqdan xulosa qilib, tizim salohiyati oshirildi. Avvalo, ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Qolaversa, xorijiy sheriklar bilan hamkorlikda ish olib borildi. Muassasa, korxona va turar joylardagi dolzarb masalalar o‘rganilib, bartaraf etildi. Bu ishlar har bir mahallagacha yetib bordi.
Energetika tizimining qishga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Bu yil energetika tizimini yaxshilashga barcha manbalardan 14,5 trillion so‘m berdik. Qanday xomashyo, buyum, texnika kerak bo‘lsa, olib berildi. Endi soha rahbarlari mas’uliyatni to‘liq zimmasiga olib, aniq reja qilishi va energiya yetkazib berishni kafolatli ta’minlashi zarur”, – dedi Mirziyoyev.
Joriy yilning o‘tgan davrida 675 megavattli elektr quvvatlari ishga tushdi. Respublika bo‘yicha 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.
Aholi va korxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash maqsadida qo‘shimcha 5 milliard kub metr kafolatli gaz manbalari hal qilindi. Yerosti omborlarida yetarlicha gaz zaxirasi jamlandi.
Energetika tizimining qishga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Energetika vaziri qayd etganidek, energetika tizimi 1-dekabrdan 24 soatlik ish tartibiga o‘tadi.
"Yaqin oylarda 1 ming 700 megavattli 8 ta quyosh va shamol elektr stansiyasi, Sirdaryoda 500 megavattli gaz turbinasi ishga tushiriladi. Surxondaryodagi Sharg‘un konida 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarish boshlanadi", – deyiladi xabarda.
Shuningdek, suyultirilgan gaz, mazut, transformator, kabel va boshqa zarur vositalarning zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan.
Davlat rahbari energiya manbalarini barqaror yetkazib berish, shu bilan birga, to‘lov intizomini ta’minlash muhimligini ta’kidladi. Noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq davlat rahbari mutasaddilarga respublikani elektr bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan edi. Unga ko‘ra, elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya zarurligi hisob-kitob qilingan.
Shuningdek, Qozog‘iston, Ozarbayjon va O‘zbekiston yashil energiya eksporti bo‘yicha texnik shartlar va qo‘shma korxona tuzishga kelishib oldi. Tegishli kelishuv Ozarbayjon, O‘zbekiston va Qozog‘iston energetika va iqtisodiyot vazirlarining Boku shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishildi.