TOShKENT, 21 noya — Sputnik. O‘zbekistonda oxirgi yetti yilda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 16 milliard dollar o‘zlashtirildi. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Yig‘ilishda ichimlik suvi, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro moliya institutlari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosi ko‘rib chiqildi.
Aytilishicha, oxirgi yetti yilda xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan 16 milliard dollar o‘zlashtirildi. 103 ta loyiha ishga tushirildi.
"Bularning natijasida 5 millionga yaqin aholining kundalik hayoti yaxshilanishiga ta’sir qilgan 9 mingta ijtimoiy va infratuzilma inshootlari qurildi va ta’mirlandi. 38 ta yangi yirik sanoat quvvati ishga tushirilib, 6,5 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi", — deyiladi xabarda.
Kechikkan loyihalar va mo‘ljaldan kam mablag‘lar
Qayd etilishicha, hamma tarmoqda ham natijadorlik birdek emas. Masalan, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimida joriy yilda 238 million dollar xalqaro moliya institutlari mablag‘lari o‘zlashtirilishi kutilmoqda. Bu mo‘ljaldan ancha kam.
Umuman, so‘nggi yillarda sohaga 2,4 milliard dollar jalb qilinib, shundan 1,3 milliard dollari o‘zlashtirilgan. Lekin kechikkan loyihalar ham bor. Misol uchun, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida agrologistika markazlari tashkil etish kechikmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligida 877 million dollarlik 11 ta loyiha mavjud. Ularning aksariyati amalga oshirilmoqda. Lekin nefrologiya va urologiya muassasalarini jihozlash, poytaxtning Yashnobod tumanida kattalar uchun ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi qurish, milliy referens laboratoriyasi tashkil qilish loyihalari bo‘yicha investitsiya o‘zlashtirish boshlanmagan.
“O‘zsuvta’minot” tarmog‘ida qiymati 2,1 milliard dollarlik 22 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 8 ta loyihaning o‘z vaqtida ishga tushmasligi ehtimoli bor.
Davlat rahbari loyihalar bajarilishida vazirlarning mas’uliyatini oshirish, har birini xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilib borish hamda mablag‘larni samarali ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
"Mutasaddilar yil yakunigacha va 2024-yilda ishlarni jadallashtirib, kechikishlarni bartaraf etish, loyihalarni sifatli bajarib, natijasini ta’minlash bo‘yicha axborot berdi", — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda investitsiya dasturlaridagi 1,5 mingta loyihani tezlashtirish va 12,1 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi ma’lum qilingan edi.
Oktabr oyida Qozon shahrida o‘tgan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi mintaqalararo hamkorlikning uchinchi forumida turli sohalarda 3 ta hududlararo va 7 ta tijorat shartnomalari imzolandi.