TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Dunyoning har bir davlatida urug‘lik va ko‘chatlardan tortib qishloq xo‘jaligi mahsulotlarigacha bo‘lgan barcha o‘simlik mahsulotlari importi va eksporti fitosanitariya sertifikati bilan amalga oshirilishi kerak. Mahsulot eksporti bir necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi.
Avvalo, tegishli va majburiy tartibda ichki fitosanitariya nazorati inspektori tekshirish o‘tkazib, keyin tegishli xulosa chiqaradi. Keyingi bosqichda Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan ekspertiza o‘tkaziladi.
Keyingi, uchinchi bosqichda tashqi iqtisodiy faoliyat inspektori ichki karantin bo‘yicha inspektorning xulosasini o‘rganadi, ko‘rsatilgan mahsulotlarning hujjatdagi nomenklaturaga muvofiqligini tekshiradi va shundan keyingina fitosanitariya sertifikati beriladi.
“Faraz qilaylik, tadbirkor o‘z bog‘idagi olmani xorijga eksport qilmoqchi. Birinchi bosqichda ichki karantin inspektori bog‘ga kelib, tekshiruv o‘tkazadi va eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar xavfsizligi bo‘yicha xulosa beradi. Ikkinchi bosqichda ishlab chiqarishning umumiy hajmidan fitosanitariya laboratoriyasida tekshirish uchun kamida 5 kg olma tanlanadi. Agar karantin organizmlari aniqlanmasa, olma xavfsiz ekanligi haqida xulosa chiqariladi. Uchinchi bosqich – Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida tekshirish, u yerda butun dunyoda tan olingan xalqaro sertifikat beriladi”, — dedi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi matbuot kotibi Sabina Sadinova.
Uning so‘zlariga ko‘ra, import qilinadigan mahsulotlarga ham xuddi shunday talablar qo‘yiladi.
Import sertifikati mahsulot tarkibida karantin obyektlari - viruslar, bakteriyalar, zamburug‘lar, zararli hasharotlar, begona o‘tlar urug‘lari bo‘lmagan taqdirdagina beriladi. Aks holda, mahsulotlar, har bir aniq faktga qarab, yo‘q qilinadi yoki ular import qilingan mamlakatga qaytarilishi kerak.
Bugungi kunda respublika tadbirkorlari fitosanitariya sertifikatlari asosida dunyoning 24 davlatiga meva-sabzavot, shuningdek, barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini 56 davlatga eksport qilishlari mumkin.
“Mahsulot ishlab chiqaruvchilarga eksport bozorlariga bemalol chiqish va ularni kengaytirishga qaratilgan xalqaro sertifikatlar, standartlar va xorijiy davlatlarning fitosanitariya talablari muntazam tushuntirilmoqda. Natijada O‘zbekistonda 5 995 bog‘, 1 549 tokzor, 1 489 dala va ularning hosili xorijiy mamlakatlarning fitosanitariya talablariga moslashtirildi”,— deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi yetakchi mutaxassisi Muhammad Mardonov.
Ayni paytda O‘zbekiston hududiga o‘simlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini noqonuniy olib kirishning oldini olish maqsadida o‘simliklar karantini bo‘yicha 114 chegara posti faoliyat ko‘rsatmoqda.
Barcha hududlarda fitosanitariya laboratoriyalari mavjud bo‘lib, 6 ta hududda eksport qilinadigan mahsulotlar tekshiriladi, import qilinadigan mahsulotlar ustidan nazorat faqat Markaziy fitosanitariya laboratoriyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, maxsus aniqlovchi itlar ham tartibga solinadigan o‘simlik mahsulotlarini aniqlashga yordam beradi. Ayni paytda respublikada ularning soni 19 nafarni tashkil etadi va yana 8 nafari Milliy kinologiya markazida tayyorlanmoqda.
O‘zbekiston fermerlari, eksportor/importchilariga qulaylik yaratish maqsadida Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi tomonidan “Agrokumakchi” bepul mobil ilovasi yaratildi, unda eksport va import, qadoqlash sexlari, himoya vositalari va boshqa ko‘plab masalalar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.