Moskvada Oyga parvoz tajribasi boshlandi — video

Tajriba doirasida 6 kishidan iborat kosmonavtlar jamoasi 1-yil davomida mutlaq izolyatsiya sharoitida yashaydi.
Sputnik
TOShKENT, 14 noya – Sputnik. Rossiya Fanlar akademiyasining Tibbiyot va biologik muammolar instituti (IMBP) Oyga parvozni taqlid qiluvchi tajribani boshladi, deb xabar beradi RIA Novosti.

SIRIUS-23 loyihasining olti nafar ishtirokchisi: to‘rt erkak v to‘rt ayol kosmonavtlar institut tomonidan barpo etilgan eksperimental inshooti ichida bir yil davomida izolyatsiya sharoitida yashaydi.

Ekipaj tarkibiga besh nafar rossiyalik: komandir Yuriy Chebotarev, bort muhandisi Anjelika Parfenova, shifokor Kseniya Orlova, shuningdek, tadqiqotchilar Kseniya Shishenina va Rustam Zaripov kirgan. Yana bir tadqiqotchi - Belarus vakili Olga Mastiskaya.

Tajriba ssenariysiga ko‘ra, ekipaj to‘rt kun ichida Oy orbitasiga “yetib borib”, Oy orbital stansiyasiga "qo‘nishadi". U yerda ular besh marta to‘rt kishilik guruhlarga bo‘lingan holda turli vazifalarni bajarishadi. Mashqlar orasida Oy yuziga qo‘nish, favqulodda vaziyatlarni simulyatsiya qilish va boshqalar bor. Bir yil davom etadigan tadqiqot davomida Hindiston, Chexiya, Turkiya, Italiya, Kanada, Malayziya, AQSh va Koreyadan kelgan ishtirokchilar tajribalarda ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, "missiya" davomida psixologiya bo‘yicha 18 ta, mikrobiologiya bo‘yicha 11 ta tajriba o‘tkazish rejalashtirilgan.
SIRIUS (Scientific International Research In Unique Terrestrial Station) xalqaro loyihasi bo‘lib, unda kosmik parvozlarni simulyatsiya qilishga ixtisoslashadi. Shu kunga qadar IMBP tomonidan 2017-yilda 17 kunlik, 2018-2019 yillarda 4 oylik, 2021-2022 yillarda 8 oylik, tajribalar o‘tkazilgan. Ularda rossiyalik kosmonavtlardan tashqari, AQSh, Germaniya va BAA tadqiqotchilari ham ishtirok etishgan edi. Dastur dastlab NASA bilan birgalikda hamkorlikda rejalashtirilgan edi, ammo 2023-yilda amerikaliklar unda ishtirok etishni to‘xtatdi.
Rossiyaning Oyga missiyasi

Rossiya boshqariladigan kosmik tizimlari bosh konstruktori Vladimir Solovyovning ma’lum qilishiga ko‘ra:

* 2030 yilgacha Oyga avtomatik stansiyalar jo‘natish va transport tizimini qayta ishlash ko‘zda tutilgan;

* 2031 yildan 2040-yilgacha geologik tadqiqotlar olib borilishi va oyning asosiy modullari va boshqariladigan oy roverini yaratish ham ta’minlanadi;

* 2041 yildan 2050-yilgacha to‘laqonli Oy bazasini qurish rejalashtirilgan;

* 2050 yildan boshlab Oy resurslaridan koinotni chuqur tadqiq qilish uchun foydalanish rejalashtirilgan.