Fuqarolarning plastik kartasidan pul o‘g‘irlangani bo‘yicha xabarlarga oydinlik kiritildi

Ta’kidlanishicha, 31-oktabr sanasi bilan keltirilgan ushbu xat aslida boshqa bank faoliyati bilan bog‘liq shu yilning bahor oylaridagi voqelikka tegishli.
Sputnik
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. Ijtimoiy tarmoqlar va ayrim telegram kanallarida xakerlik hujumi oqibatida serverlar buzib kirilgani, buning natijasida firibgarlar ilovalardan birida ro‘yxatdan o‘tgan kartalarga hech qanday muammosiz kirish imkoniga ega bo‘lgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda, deb yozmoqda Markaziy bank matbuot xizmati.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentining xati sifatida tarqalayotgan mazkur axborotning, aslida, shu kunlarda xakerlik hujumi oqibatida serverlar buzib kirilgani, buning natijasida firibgarlar ilovalardan birida ro‘yxatdan o‘tgan kartalarga hech qanday muammosiz kirish imkoniga ega bo‘lgani haqidagi yolg‘on xabarlarga aloqasi yo‘q”, - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, 31-oktabr sanasi bilan keltirilgan ushbu xat aslida boshqa bank faoliyati bilan bog‘liq shu yilning bahor oylaridagi voqelikka tegishli. Mazkur holat yuzasidan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tergov va sud jarayonlari yakuniga yetmoqda.
“Hurmatli yurtdoshlarimizni turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan feyk xabarlarga ishonmasdan rasmiy axborot manbalari xabarlaridan foydalanishlarini so‘rab qolamiz”, - deyilgan xabarda.