TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Sirdaryo viloyatida ikkita gaz quyish shoxobchasi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati ma’lum qildi.
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Sirdaryo hududiy filiali hamda huquq tartibot idoralari xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan reyd tadbirlarida Sardoba tumanidagi "S S" MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi elektr energiyasidan noqonuniy foydalanayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, tumandagi yana bir — "G M S" MChJga qarashli AGTKSh nazoratdan o‘tkazilganda tarmoqqa noqonuniy ulanib, elektr energiyasi iste’mol qilayotgani aniqlangan.
Mutaxassislarning qayta hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu iste’molchilar tomonidan davlatga 6 mlrd 669 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Mazkur har ikkala holat bo‘yicha dalolatnomalar rasmiylashtirilib, tegishli chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.