TOShKENT, 14 noya — Sputnik. Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasining (UNCCD) bajarilishini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasida (CRIC21) dunyoda sog‘lom va unumdor yerlarning yo‘qolishi statistikasi, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashga yo‘naltirilgan investitsiyalar haqida so‘z bordi. Bu haqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri xabar berdi.
Tadbirda BMTning cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi bosh ilmiy xodimi Barron Orr va cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiya (UNCCD) ijrochi kotibi Ibrohim Tiav ishtirokida press-brifing bo‘lib o‘tdi. Ular tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini belgilab berdilar, shuningdek, yangi ochiq ma’lumotlarni e’lon qildilar.
© Sputnik / Elina Beknazarova
BMT statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda umumiy yer maydonining 20 foizdan ortig‘i degradatsiyaga uchragan. Muammo mintaqa aholisining qariyb 30 foiziga ta’sir qiladi va taxminan 80 million gektarni tashkil etadi.
“UNCCD tarixidagi birinchi ochiq ma’lumotlar portali bizning uchrashuvimiz arafasida o‘z ishini boshladi. Bu butun dunyo bo‘ylab sog‘lom va unumdor yerlarning yo‘qolishi haqida aniq tasavvur beradi. Shuning uchun biz O‘zbekistonda yer yo‘qotilishiga barham berish yo‘lidagi global taraqqiyotni sarhisob qilish uchun yig‘ildik. Va bizning chaqiruvimiz aniq: yerning degradatsiyaga uchrashi shoshilinch e’tiborni talab qiladi”, - dedi Ibrohim Tiav.
Bugungi kunda dunyoda degradatsiyaga uchragan yerlarning umumiy maydoni 4,2 million kvadrat kilometrni tashkil etadi, bu Markaziy Osiyoning beshta davlati: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning umumiy maydonidan oshadi.
© Sputnik / Elina Beknazarova
“Garchi global tendensiyalar salbiy tomonga o‘zgarib borayotgan bo‘lsa-da, yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish masalasida maqsadlarni nafaqat bajarish, balki undan ham o‘tib ketish mumkin. Bunga 2030-yilgacha milliardlab gektar yerlarni qayta tiklash bo‘yicha mavjud majburiyatlarni amalga oshirishni tezlashtirish orqaligina keyingi degradatsiyani to‘xtatish orqali erishish mumkin. Bunga erishish uchun moliyalashtirish va harakat yonma-yon bo‘lishi kerak”, - dedi Barron Orr.
Shu munosabat bilan, cho‘llanish, yerlarning degradatsiyasi va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni moliyalashtirishga qariyb 5 milliard dollar sarmoya kiritilib, 124 davlatga ushbu muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.
© Sputnik / Elina Beknazarova
Shuningdek, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari UNCCD doirasida yer degradatsiyasining neytral muvozanatiga erishish dasturiga qo‘shilgani qayd etildi. Ishtirokchi davlatlarning umumiy soni esa 131 taga yetdi.