TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Samarqandda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tadi. Bu haqida AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ma’lum qildi.
Samarqand shahrida 22-23 noyabr kunlari “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston va Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tajribasi” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro forum o‘tkaziladi.
Forumning maqsadi xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarining o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish va tajriba almashishdan iborat.
Forumda quyidagi masalalar muhokama qilinadi:
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasidagi erishilgan yutuqlar va tashabbuslarni ko‘rib chiqish;
xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning ilg‘or tajribasi, amaliyoti va innovatsion yondoshuvlari bilan tanishish va keng foydalanish;
iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
gender siyosatining turli sohalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash;
xotin-qizlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishdagi ishtirokini kengaytirish.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekistonda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida taqdimotlar bo‘lib o‘tadi.
Forumdan quyidagi natijalarga erishish kutilmoqda:
Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning barqaror rivojlanishida xotin-qizlarning roli va o‘rnini oshirishga qaratilgan yangi tashabbus va takliflarni ilgari surish;
oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, tadbirkorligini rivojlantirish, oila va xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat, notijorat tashkilotlarning ishtiroki kabi yo‘nalishlarda ijobiy tajribalar almashish;
ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, oila institutini mustahkamlash borasida taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.