TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi U-17 jahon chempionati guruh bosqichi doirasidagi ikkinchi uchrashuvini Kanadaga qarshi o‘tkazdi.
Uchrashuv Indoneziyaning Surakarta shahridagi "Manahan" stadionida bo‘lib o‘tdi. O‘yinning 21-daqiqasida O‘zbekiston vakillari burchak zarbasini ishlab olishdi. Burchak zarbasidan to‘p o‘yinga kiritildi va natijada to‘p kanadaliklar darvozasida ichida paydo bo‘ldi. Bu golni FIFA rasmiylari Richard Chukvuga avtogol sifatida yozishdi. 27-daqiqada Amirbek Saidov raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limning 81-daqiqasida Amirbek ikkinchi golni o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi. U kanadalik himoyachi va darvozabonning xatosidan unumli foydalana oldi - hisob 3:0. Shu tariqa, O‘zbekiston Kanada ustidan yirik hisobda g‘alaba qozondi.
Endi O‘zbekiston vakillari 16-noyabr kuni Ispaniyaga qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi guruh bosqichidagi birinchi uchrashuvda Maliga yutqazib qo‘ygan edi.
Futbol bo‘yicha 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati guruh bosqichida O‘zbekiston "B" guruhidan joy olgan. Mazkur guruhda o‘zbekistonliklarga Ispaniya, Kanada hamda Mali termalari raqiblik qilmoqda.
Musobaqa Indoneziyada 10-noyabrdan 2-dekabrga qadar bo‘lib o‘tadi.