Farg‘ona viloyatida 413,8 mln so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilindi

Buvayda tuman ko‘mir ombor mudiri 1.364,3 tonna ko‘mirlarni naqd pulga sotgan.
Sputnik
TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Farg‘ona viloyatida 413,8 mln so‘mlik ko‘mir talon-toroj qilingani aniqlandi, deya xabar berdi Bosh prokuratura.
Qayd etilishicha, davlat tarqatayotgan ko‘mirning aholiga yetib borishi yuzasidan o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida bir qator qonunbuzilishlari aniqlandi.
Xususan, “Ko‘mir ta’minot” MChJning Farg‘ona viloyat filiali tasarrufidagi Buvayda tuman ko‘mir ombor mudiri A.I. aholiga imtiyozli narxda tarqatishga mo‘ljallangan 413,8 mln so‘mlik ko‘mirni talon-toroj qilgan.
U 1.364,3 tonna ko‘mirni go‘yoki fuqarolar olganligi to‘g‘risida soxta ma’lumotlar tayyorlab, ko‘mirni naqd pulga sotgan.

"Mazkur holat yuzasidan ombor mudiriga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u protsessual tartibda ushlandi", — deyiladi xabarda.

Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon, Buloqboshi hamda Jalaquduq tumanlarida ko‘mir talon-toroj qilinishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.