TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi ish boshladi. Bu haqida Sputnik muxbiri ma’lum qildi.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrik so‘zi o‘qib eshittirildi.
Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi ish boshladi.
© Elina Beknazarova
“O‘zbekistonning joriy sessiya yakunlariga ko‘ra qum va chang bo‘ronlari bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga ishonaman”, - deyilgan tabrik matnida.
O‘z navbatida, sessiya raisi Bilyana Kalibarda yerning degradatsiyasi oqibatlarini yumshatish va insoniyatni oziq-ovqat, suv, uy-joy va iqtisodiy imkoniyatlar bilan ta’minlash uchun yerni muhofaza qilishga qaratilgan kun tartibi mamlakatlarning to‘liq ishtiroki va faol ishini talab qilishini ta’kidladi.
“Bu yerda boshlagan ishimiz ishtirokchi mamlakatlarda davom etishi kerakligini unutmasligimiz kerak”, — dedi Kalibarda.
Samarqandda BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi ish boshladi.
© Elina Beknazarova
UNCCD ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi sog‘lom va unumdor yerlarning yillik yo‘qotilishi taxminan 100 million gektarni tashkil qiladi. Ushbu tendensiyani hisobga olgan holda, dunyoda yer degradatsiyasining neytralligiga erishish uchun 2030-yilgacha 1,5 milliard gektar maydonni tiklash kerak bo‘ladi.
Biroq, qo‘shimcha tanazzulni to‘xtatish va mavjud majburiyatlarning bajarilishini tezlashtirish belgilangan maqsadlardan oshib ketishi mumkin.
O‘z navbatida, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2021-yilda boshlangan “Yashil Makon” milliy loyihasida O‘zbekiston erishgan natijalarni qayd etdi. Mazkur loyihaning asosiy maqsadi 2030-yilga borib respublika shaharlarida yashil maydonlar maydonini 30 foizga yetkazishdan iborat.
“Ushbu tashabbus boshlanganidan buyon mamlakatimiz bo‘ylab 416 million tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari ekildi. 588 gektar maydonda “Yashil bog‘lar”, 662 gektar maydonda yashil maydonlar barpo etildi. Buxoro, Nukus, Xiva va Urganch kabi zaif shaharlar atrofida umumiy uzunligi 40 km bo‘lgan yashil chiziqlar barpo etildi”, — dedi u.
Shuningdek, u muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat umumiy maydoniga nisbatan 2016-yildagi 4 foizdan 14 foizga oshganini ta’kidladi.
“Bir necha oy oldin Qozog‘istonda bo‘lganimda chang bo‘roniga guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonga qaytganimdan so‘ng, bu chang bo‘roni allaqachon Toshkentda bo‘lgan va boshqa qo‘shni davlatlarga ham tarqalgan edi. Bu shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyo – yagona ekotizim va faqat sa’y-harakatlarimizni birlashtirib, ekologik muammolarni birgalikda hal qilish orqali biz aniq natijalarga erishishimiz mumkin”, — deya qayd etdi Abduhakimov.
Tadbirda 196 ta mamlakatdan 500 taga yaqin delegatlar, fuqarolik jamiyati va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etmoqda.