TOShKENT, 12 noya — Sputnik. Air Samarkand aviakompaniyasi ikkinchi samolyotni kutib oldi, deya xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.
Air Samarkand flotiga yana bir Airbus A321 samolyoti yetib keldi. Qayd etilishicha, ikkinchi samolyot aviakompaniyaning rejalashtirilgan yo‘nalish tarmog‘ida yo‘lovchilarni tashish imkoniyatini kengaytiradi.
“Bir hafta oldin Air Samarkand o‘zining birinchi uzoq masofali Airbus A330 samolyotini qabul qilgan edi. 2023-yil oxiriga borib, kompaniya 5 tagacha samolyotni kutib olishni va ishga tushirishni rejalashtirmoqda”, — deyiladi xabarda.
Yangi kelgan samolyot Fransiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy o‘rta masofali samolyotdir. U 182 yo‘lovchini ekonom-klassda va 12 yo‘lovchini biznes-klassda 6000 km gacha bo‘lgan masofaga yetkazish uchun mo‘ljallangan. Ekonom-klassdagi o‘rindiqlarni o‘rnatish masofasi kamida 31 duym (78,7 sm) ni tashkil etadi. Bu hatto baland bo‘yli yo‘lovchilarga ham qulay sayohat qilish imkonini beradi.
Air Samarkand aviakompaniyasi ikkinchi samolyotni kutib oldi
© Aviakompaniya Air Samarkand
Samolyot o‘rnatilgan ekran kabi ko‘ngilochar tizim bilan jihozlangan. Aviakompaniya reyslarda issiq ovqat, uzoq reyslarda esa — yostiqlar, ko‘rpalar va boshqa qulayliklarni taqdim etadi.
“Air Samarkand kompaniyasining asosiy vazifasi — Samarqand va qo‘shni viloyatlar aholisiga muhim yo‘nalishlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar orqali qulay sayohat imkoniyatlarini yaratish, kelajakda esa Samarqand havo yo‘llari orqali G‘arb va Sharqni bog‘lashdan iboratdir”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.
Air Samarkand aviakompaniyasi ikkinchi samolyotni kutib oldi
© Aviakompaniya Air Samarkand
Ma’lumot uchun, Airbus A321 yo‘lovchi tashishning dunyodagi ommabop segmentdagi eng mashhur samolyotlardan biridir. Bugungi kunga kelib dunyoning barcha burchaklariga parvozlarni muvaffaqiyatli amalga oshiradigan uch mingga yaqin bunday samolyotlar ishlab chiqarilgan. Umuman olganda, Airbus A320 modeli asosida ishlab chiqarilgan samolyotlar soni 11 mingdan oshadi.